Qonunchilik palatasi va Senat vakolatlari yangi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda

Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 25 sen — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik paltasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida deputatlar "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.
Qonun loyihasi Oliy Majlis palatalarining faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, 13 ta qonun va 1 ta kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Senat a’zolari har bir ma’muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan saylanishi, 9 nafari prezident tomonidan tayinlanishi (jami 65 nafar) belgilanmoqda. Doimiy asosda ishlovchi senatorlar soni amaldagidek 25 nafar miqdorda saqlanib qolmoqda.
Senatning quyidagi vakolatlari bekor qilinib, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari sifatida belgilanmoqda:
Davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish va Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;
prezidentning taqdimiga binoan bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash;
bosh vazir, Hukumat a’zolarining hisobotlarini hamda Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma’ruzasini eshitish.
Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirilmoqda.
Bunda spikerning o‘rinbosarlari fraksiya a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi hamda lavozimda bo‘lish davrida siyosiy partiyadagi a’zolikni to‘xtatib turishi belgilanmoqda.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi qanday o‘zgarmoqda?
Deputatlar mazkur qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi.
Referendum — 2023
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya qonunchilik milliy bazasiga joylashtirildi