“Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni ta’sis etildi

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 25 sen — Sputnik. Hukumatning 25-sentabrdagi qarori bilan “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Ko‘krak nishoni bilan atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va yetuk ulamolar, davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlar xodimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalarning vakillari, xorijiy arboblar va olimlar taqdirlanadi.
“Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni ko‘rinishi
Shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham ko‘krak nishon bilan taqdirlanishi mumkin.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarga nomzod haqida quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- nomzod haqida ma’lumotnoma;
- nomzodning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (fuqarolik pasporti yoki ID-karta);
- nomzodning so‘nggi 3-yil davomida diniy-ma’rifiy sohaning samaradorligini oshirish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini ta’minlash, dinlararo va konfessiyalararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma.
Ko‘krak nishoni har yili 16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni arafasida tantanali tarzda topshiriladi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari (1 mln 320 ming so‘m) miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.