TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov Xitoyda O‘zbekiston delegatsiyasining shtab-kvartirasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Otabek Umarov Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarining Atletlar shaharchasiga tashrif buyurib, O‘zbekiston delegatsiyasining shtab-kvartirasini ko‘zdan kechirdi. Umarovga Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov hamda Oybek Kasimov boshchiligidagi O‘zbekiston MOQ rahbariyati hamrohlik qilishdi.
Otabek Umarov Osiyo o‘yinlarida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik sportchilar bilan uchrashdi
© NOK
Tashrif davomida shaharchada delegatsiya uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Atletlar yashaydigan xonalar, tibbiyot bo‘limi, mashg‘ulot va musobaqa zallariga qatnashlari uchun yo‘lga qo‘yilgan transport-logistika tizimi, sport turlari bo‘yicha musobaqalar taqvimi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, atletlar shug‘ullanadigan sport zallari, oshxonalar ham ko‘zdan kechirildi.
Otabek Umarov Osiyo o‘yinlarida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik sportchilar bilan uchrashdi
© NOK
"OOK vitse-prezidenti ayni paytda shaharchada yashayotgan sportchi va murabbiylarimiz bilan yaqindan suhbatlashdi. Samimiy muloqot davomida ularning tayyorgarligi, kayfiyati haqida gaplashib, bo‘lajak bahslarda ularga omad tiladi", — deyiladi xabarda.
Otabek Umarov bugun Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida Osiyo Olimpiya kengashi rahbariyati tarkibida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.