TOShKENT, 22 sen — Sputnik. “Rubin” markaziy konstruktorlik burosi o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan strategik yadroviy suv osti kemasining yangi loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda tashkilot bosh direktori o‘rinbosari Andrey Baranov RIA Novostiga xabar berdi.
Avvalroq “Rubin” direktori Igor Vilnit RIA Novostiga yangi strategik yadro suvosti kemalari 2037-yildan keyin “Borey” seriyali suv osti kreyserlari o‘rnini bosishi kerakligini ma’lum qilgandi.
Shu bilan birga, birinchi marta “Armiya 2022” ko‘rgazmasida taqdim etilgan konsept-model “Arktur” yangi avlod strategik yadro suv osti kemasi harbiy dengiz flotida faqat XXI asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘lishi mumkin.
“Arktur konsepsiyasi mumkin bo‘lgan yagona suv osti texnikasi emas, o‘rta muddatli istiqbolda an’anaviy texnikalar bor. Biz variantlarni taklif qilamiz, flot eng yaxshisini baholaydi va tanlaydi. Siz bilgan barcha yadroviy suv osti kemalari, shu jumladan eng zamonaviylari ham shunday vujudga kelgan”, — dedi Baranov.
Avvalroq u Rossiyaning kelajakdagi strategik yadroviy suv osti kemasi hajmi kichraytirilishini, ammo unga qurol va uchuvchisiz samolyotlar maksimal darajada joylashtirilishini aytgan edi.
“Rubin” markaziy konstruktorlik burosi — Rossiyaning yadroviy strategik va yadroviy bo‘lmagan suv osti kemalari, shuningdek, dengiz dronlarini ishlab chiqaruvchi asosiy tashkilot hisoblanadi.