Namangan viloyatida 71 nafar bolaning zaharlangani haqida qo‘shimcha ma’lumot berildi — video

Namangan viloyati SSB: Ayni paytda bolalarning holati qoniqarli, ulardan 20 nafarining ahvoli yaxshilangani sababli uyiga ruxsat berildi.
Sputnik
TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Namangan viloyatida zaharlangan bolalarning ahvoli qoniqarli, ulardan 20 nafarining ahvoli yaxshilangani sababli uyiga ruxsat berildi. Bu haqda Namangan viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabar berdi.
​Qayd etilishicha, 21-sentabr kuni soat 16:00 dan boshlab, Chust tumani tibbiyot birlashmasi qabulxona bo‘limiga tumandagi bog‘chalar va maktablardan bolalar tana haroratini ko‘tarilishi, ayrimlarida qorin og‘rig‘i, ich surilishi va qusish shikoyatlari bilan kelishgan.
Boshqarma tomonidan zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, surishtiruv va tekshiruv ishlari olib borildi. Hozirgi vaqtga qadar 20 nafar bolaning ahvoli yaxshi bo‘lganligi sabab uyiga ruxsat berildi. Qolgan bolalar ahvoli nazoratda.

“Kecha va bugun bolalar bog‘chalarida bolalarga yod va anstrumin (yodamarin) dorisi berilgan. Zaharlanish shundan bo‘lgan, degan xabar tekshiruvda. Sababi butun Respublikaga tarqatilgan ushbu dori vositasi 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida yod tanqisligining oldini olish va bolalarni aqliy rivojlanishini yaxshilash maqsadida berilgan. Viloyatimizni boshqa hududlarida ham bolalar ushbu dorini iste’mol qilgan. Ularda hech qanday salbiy holatlar kuzatilmagan. Murojaat kelib tushmagan”, — deyiladi xabarda.

Aytilishicha, shifoxonaga yotqizilgan bolarning hech birida ranimatsion, ya’ni og‘ir holat yo‘q. Voqeaning kelib chiqish tafsilotlari mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda. Barcha tekshiruvlar xulosasi chiqqach yakuniy ma’lumot beriladi.
Xabarda shuningdek, bolalar nimadan zaharlanganligi xali noma’lum bo‘lganligi sababli jamoatchilikdan noto‘g‘ri va turli taxminlarga asoslangan xabarlarni tarqatmaslik so‘ralgan.
Namanganda bolalar zaharlanishi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv boshlandi — prokuratura