TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Toshkentda “Lazgi. Qalb va muhabbat raqsi” balet spektakli namoyish etiladi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.
Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri sahnasida 4–5 noyabr kunlari “Lazgi. Qalb va muhabbat raqsi” balet spektakli taqdim etiladi.
“Bu sahna asarining favqulloda ajoyib muvaffaqiyat bilan o‘tgan sayyor safarlaridan so‘ng O‘zbekistondagi ilk namoyishlari bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
“Lazgi. Qalb va muhabbat raqsi” baleti rossiyalik tomoshabinlarga Aleksandrinskiy teatri (Sankt-Peterburg) va Katta teatrning Tarixiy sahnasi (Moskva)da namoyish etilgan edi.
Xalq donishmandligining timsoli bo‘lgan, ko‘plab sir-asror va afsonalarga chulg‘angan Xorazm raqsi tarixi uch ming yillik tarixga ega. Fusunkor quvvat, otashin harakatlar, murakkab raqs bezagiga asoslangan noyob uslub – bularning barchasi lazgini misli yo‘q madaniy hodisaga aylantiradi.
2019 yilda YuNESKO tomonidan Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan “Xorazm lazgi” raqsi bugun yangicha talqinga ega bo‘ldi.
Mualliflar ilg‘or sahna texnologiyalarini Xorazm raqsining o‘ziga xosligi bilan uyg‘unlashtirgan holda yaxlit kompozitsiya yaratishga qaror qilishdi.
Mazkur asar O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Teatr durdonasini yaratish ustida ishlash uchun xalqaro professionallar jamoasi taklif qilindi. Rassomlarning liboslari ustida taniqli rus dizayneri Frol Burimskiy ishlagan.
Spektakl premyerasi o‘tgan yilning sentabr oyida Toshkentdagi A.Navoiy nomidagi opera va balet Katta teatr sahnasida bo‘lib o‘tdi. Spektaklning Rossiyadagi premyerasi 7-iyun kuni Sankt-Peterburgdagi Aleksandrinskiy teatrida bo‘lib o‘tdi. Ilgari "Lazgi" baleti Dubay va Istanbulda namoyish etilgan.