Bu qiziq

O‘zbekistonda kuzda borish mumkin bo‘lgan eng chiroyli joylar — foto

Kuz mavsumida borish qulay bo‘lgan eng qiziqarli joylar hamda eng so‘lim tabiat go‘shalari bilan ushbu maqolamizda tanishing.
Sputnik
Ma’lumki, sentabrning ikkinchi yarmi, oktabr va noyabr oylarida respublikada jazirama issiq yoki sovuq havo kuzatilmaydi. Shu sababli ham kuz fasli O‘zbekistonning barcha hududlariga sayohat qilish uchun qulay vaqtdir.

Ertaknamo Xiva

O‘zbekistonning tarixiy obidalari yilning har qanday faslida ham go‘zal. Agar bu sizning birinchi sayohatingiz bo‘lsa, uni Xivadan boshlagan ma’qul. Xivaning to‘liq saqlanib qolgan Ichan-qal’asiga tashrif buyurgan kishi o‘zini qadimgi ertaklar shahriga kelib qolgandek his qiladi. Chunki yon atrof faqat qadimiy masjidu madrasalar, saroyu minoralar bilan o‘ralgan. Bu yerda ko‘zingiga birorta zamonaviy to‘rtburchakli yoki ko‘p qavatli binoga tushmaydi. Hamma narsa go‘yoki biror film dekoratsiyasiga o‘xshaydi, lekin bularning barchasi haqiqiy. Haqiqiy saroylar, masjidlar, madrasa va minoralar. Ularning qurilganiga kamida 150, 200-yil yoki undan ham ko‘p vaqt bo‘lgan. Bu yerda saqlanib qolgan 17-18 asrlar arxitekturasinng ajoyib namunalaridandir.
Xiva, Ichan-Qal’a, Kalta minor
Faqat Ichan qal’ada siz Markaziy Osiyoda o‘rta asrlarda shaharlar qanday ko‘rinishga ega bo‘lganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin. Bunda nafaqat ajoyib holatda saqlanib qolgan tarixiy obidalar Xo‘ja Ismol majmuasi, Kalta minor, 40 ustunli Jome masjidini tomosha qilish mumkin. Siz faqat Ichan qal’ada tekis toshlardan terib chiqilgan qadimiy shahar yo‘lini va unda yuzlab yillar davomida o‘tgan aravalar g‘ildiragi qoldirgan ikki qator chuqur izini ham ko‘rish mumkin.
Xiva, Ichan-Qal’a

Islom quvvati Buxoro

Kamtarin Xivadan so‘ng Buxoro o‘zining boy va hashamdor binolari bilan e’tiborni tortadi. Tarixi 2500-yildan uzoq bo‘lgan bu shahar obidalari juda xilma-xil. Buxoroda O‘zbekistonda pishiq g‘ishtdan qurilgan eng qadimiy inshoot - Somoniylar maqbarasini ko‘rish mumkin. 9-asrda qurilgan ushbu bino jahon me’morchilik va binokorlik maktablarining noyob asari hisoblanadi.
Somoniylar maqbarasi
Buxoroda, shuningdek, Ark, Poyi kalon majmuasi, Bolo hovuz masjidi, Labi hauz majmuasi va boshqa yodgorliklarni tomosha qilish mumkin. Ularning barchasi yonma-yon joylashgani sababli bir necha soatda piyoda aylanib chiqish mumkin.
Poy-Kalon majmuasi. Buxoro
Buxoroda amaliy san’atning ko‘p turlari, xususan, temirchilik, naqqoshlik, zardo‘zlik va boshqalar ilg‘or rivojlangan. Shuning uchun ham bu yerni hunarmandchilik mahsulotlari sotib olish uchun eng qulay joy deyish mumkin.
Shahardan chiqaverishda, musulmonlar uchun muqaddas ziyoratgoh — Bahovuddin Naqshbandiy majmuasi joylashgan. Bu yerda 14-asrda yashab o‘tgan islom dinining ulug‘ mutafakkirlaridan biri, so‘fiylik oqimi asoschisi Naqshbandiyning qabri joylashgan.
1 / 3

Bohovuddin Naqshbandiy majmuasi

2 / 3

Bohovuddin Naqshbandiy majmuasi

3 / 3

Bohovuddin Naqshbandiy maqbarasi

Tarixiy va navqiron Samarqand

Atrofi cho‘l bilan o‘ralgan Buxorodan Samarqandga kelgan kishi o‘zini bog‘lar orasiga kirib qolgandek his qiladi. Shaharda ulkan daraxtlar, azim chinorlar va hashamatli tarixiy va zamonaviy binolar juda ko‘p.
Samarqand. Registon maydoni
Ziyoratni Amir Temur maqbarasidan boshlagan ma’qul. Ham tashqi ham ichki ko‘rinishi o‘ta chiroyli bo‘lgan ushbu maqbaraga kirish ham tomosha ham ziyorat hisoblanadi. Musulmonlar buyuk sarkarda Amir Temur qabri yonida duo o‘qishadi.
Undan so‘ng piyoda Registon maydoniga borish mumkin. Uchta ulug‘vor madrasalardan tashkil topgan Registon maydoni hech kimni befarq qoldirmaydi. Maydon oldida suratga tushish uchun maxsus joy bor.
Registondan o‘tib Samarqandning eng qadimiy yodgorligi bo‘lgan Shohi-Zinda majmuasiga, Siyob bozoriga tashrif buyurish mumkin.
1 / 3

Samarqand, Go‘r Amir maqbarasi

2 / 3

Samarqand, Bibi Xonim masjidi

3 / 3

Samarqand, Shohi Zinda majmuasi

Go‘zal tabiat maskanlari

Kuz mavsumida iliq ob-havo O‘zbekistonning barcha hududlariga qulay sayohatlar qilish imkonini beradi. Odatda eng issiq bo‘ladigan cho‘l hududlarida kuzda havo harorati pasayib, tashrif uchun qulay imkoniyat paydo bo‘ladi.

Qoraqalpog‘iston va Xorazm

Kemalar qabristoni. Bir vaqtlar baliqchilar shahri bo‘lgan Mo‘ynoq, bugun faol turizm markaziga aylantirilmoqda. Shaharda Orol dengizi muzeyi tashkil etilgan. Lekin bu joyning eng mashhur "yodgorligi" avvalgi Orol dengizi qirg‘og‘ida joylashgan port. Bugun u yerda "kemalar qabristoni" joylashgan. Orol dengining o‘zi esa bu yerdan taxminan 100km uzoqda.
Mo‘ynoqda kemalar qabristoni
Sariqamish ko‘li. Qoraqalpog‘iston va Turkmaniston hududida joylashgan. Sariqamish soyligidagi ko‘l. Uzunligi 100-120 km, eni 30-40 km, chuqurligi 30-40 km. Ko‘lning suv sathi Xorazm vohasini kesib o‘tadigan Ozorniy (Ko‘llar birlashmasi) kollektoridan kelib quyiladigan suv miqdoriga qarab o‘zgarib turadi. Ko‘l suvining sho‘rligi sharqida 6—7 %, g‘arbida 12 %. Ko‘lda sazan, laqqa baliq, ilonbosh va boshqa baliq turlari uchraydi.
Sarikamish ko‘li
Qo‘y qirilgan qal’a. Qoraqalpog‘istonda joylashgan o‘rta asrlarga mansub qal’a qoldiqlari. Uning diametri 80 metr doira shaklida qurilgan. O‘rtada diametri 44,4 metr bo‘lgan 2 qavatli inshoot bo‘lgan. Arxeologik qazish ishlari natijasida o‘rtadagi inshoot astronomik tadqiqotlar olib borish maqsadida qurilganligi aniqlangan.
Qirq qiz qal’asi. Xorazm hududida 1938-yilda o‘tkazilgan arxeologik qazilma ishlari vaqtida aniqlangan. Afsonalarga ko‘ra, bu qal’ada Guloyim ismli malika yashagan, u o‘zining qirq nafar safdoshi bilan chegarani mustahkam saqlab, raqiblari hujumlaridan himoyalangan.
“Chilpiq qal’a” Xorazm viloyati.
Aytish joizki, qadimgi Xorazm va Qoraqalpog‘iston hududida bir-biridan ko‘rinib turadigan masofada joylashgan 300 taga yaqin qal’alar bo‘lgan. Bugungacha ulardan bir nechasini qoldiqlari saqlanib qolgan. (Ellikqal’a tumani nomi bejizga qo‘yilmagan)

Buxoro va Navoiy

Aydarko‘l. Bu ko‘lni cho‘l o‘rtasidagi sarob deyish mumkin. Qizilqum cho‘lining janubi-sharqida, Nurota shahridan taxminan 80 km masofada joylashgan ushbu ko‘l O‘zbekistondagi eng yirik suv havzalaridan biridir. Uning suvi tiniq, va baliqqa boy. Ko‘l qirg‘og‘ida sayyohlar uchun turli xizmatlar tashkil etilgan: tuyaga minish, o‘tovda yashash kabi.
Aydarko‘l
Nurota davlat qo‘riqxonasi – 17,7 ming gektardan iborat Qo‘riqxona Qizil kitobga kiritilgan noyob endemik kenja turi Seversov qo‘y naslini saqlab qolish maqsadida 1975-yilda tashkil etilgan. Nurota tog‘larda buloqlar va ular asosida yuzaga keladigan soylar ko‘p. Iqlimi kontinental, quruq va issiq. Kuz faslining ilk kunlarida ob-havo sezilarli darajada pasaya boshlaydi.
Nurotadagi, Chashma ziyoratgohi

Qashqadaryo va Surxondaryo

Maydanak tog‘ rasadxonasi. Rasadxona 1970-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Qashqadaryo viloyatida joylashgan. Ushbu baland tog‘ ustida joylashgan tekislikdan o‘nlab kilometrga ajoyib manzaralar ochiladi. Bu yerdan tunda osmonda yulduzlarni kuzatish juda maroqli, ular go‘yoki biroz yaqinroqdek tuyuladi. Kitoblarda yozilgan barcha yulduz turkumlarini topish mumkin.
Maydanak tog‘ rasadxonasi
Xo‘ja Gur Gur ota (barcha g‘orlarning otasi) Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan. Tog‘ning bir tomonida 500 metrlik tubsiz chuqurlik, ikkinchi tomonida esa dinozavrlarning toshga aylangan izlari, avliyolar qabrlari joylashgan. Tog‘ning umumiy balandligi 3700 metr. U yerga Derbent darasi orqali borish mumkin.
1 / 3

Xo‘ja Gur Gur ota tog‘ tizmasi

2 / 3

Xo‘ja Gur Gur ota tog‘ tizmasidagi g‘or ichi

3 / 3

Xo‘ja Gur Gur ota tog‘ tizmasi

Samarqand va Jizzax

Hazrati Dovud. Samarqanddan 40 km janubi-g‘arbda, Oqsoy qishlog‘i hududida joylashgan ziyoratgoh. Bu joy haqida afsonalar mavjud. Ularning biriga ko‘ra, hazrati Dovud otashparastlarning ta’qibidan qochib shu yerda jon saqlagan. G‘orga baland zinapoyalar orqali chiqiladi. Dam olish kunlari odam gavjum bo‘ladi.
Omonqo‘ton g‘ori - Omonqo‘ton karst g‘ori Samarqand viloyatidagi Omonqo‘ton qishlog‘ida, Zarafshon tog‘lari shimoliy yon bag‘rida joylashgan. G‘orda olimlar 1947-yilda qadimgi odam suyaklari va ish qurollarini topgan. Omonqo‘ton g‘ori O‘zbekistondagi eng qadimgi manzilgohlardan biridir. G‘or chuqurligi 80 metr atrofida, g‘orning ichida bir-biri bilan kichik o‘tish joylari orqali bog‘langan o‘ziga xos zallar bor. Bahor va yoz oylarida hordan suv oqib chiqib turadi.
Omonkuton g‘ori
Zomin davlat qo‘riqxonasi – Baxmal va Zomin tumanlari hududida joylashgan tog‘li va bir asrlik ignabargli daraxtlardan iborat o‘rmonlardan tashkil topgan. Ushbu hududlarda Qizil kitobga kiritilgan ko‘plab hayvonlar va sayroqi qushlarni uchratish mumkin. Qo‘riqxona hududida turizm uchun maxsus zona ham ajratilgan.
"Zomin" dam olish maskani
Tuzkan ko‘li. Jizzax viloyatida joylashgan Arnasoy ko‘llar tizimiga kiradi. Bu yerlarda manzaralar hayratlanarli. Tabiati O‘zbekistonning boshqa joylariga umuman o‘xshamaydi.
Tuzkan ko‘li

Toshkent viloyati

Paltov darosi vodiysi - Toshkentdan taxminan 100 km masofada joylashgan bo‘lib, o‘zida tashrif uchun birdaniga bir necha joyni qamrab oladi. Turistik yo‘nalish 38 metrlik Paltov sharsharasidan boshlanadi. Undan biroz yuqoriroqda qayinzor bor. U yerda esa Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni uchratish mumkin.
Paltov darosi
Nefrit ko‘li – Ko‘l Toshkent viloyatidagi Ugom-Chotqol milliy bog‘ida joylashgan. U yerga borish uchun Toshkentdan 150 km masofa bosib o‘tish kerak. Ko‘l 1227 metr balandlikda joylashgan.
Xo‘jakent – u poytaxtdan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, toshkentliklar uchun eng sevimli va ko‘p boriladigan dam olish maskani hisoblanadi. Bu yerda yodgorliklar ko‘p uchraydi, masalan, qadimiy odamlar tomonidan qoyaga o‘yilgan rasmlar, ko‘p asrlik chinorlar va yo‘ldan ko‘rinib turadigan sharshara shular jumlasidandir.
Nefrit ko‘li
Quyosh fizikasi instituti
Quyosh fizikasi instituti Toshkent viloyati, Parkent tumani, "Quyosh" qo‘rg‘onida joylashgan. Majmua ekologik toza hududda joylashgan bo‘lib, bu yerda quyoshli kunlar 280 kunni tashkil etadi. Bunday inshoot dunyoda ikkita bo‘lib, yana biri Fransiyada joylashgan. Avvallari bu bino harbiy maqomga ega edi. Bu yerda kosmik qurilmalarning sirtqi qoplamalari va harbiy texnikalar sinovdan o‘tkazilgan. Bugungi kunda institutda nazariy va tajribaviy tadqiqotlar o‘tkaziladi. Quyosh yuzasining ko‘p maqsadli kuzatuvlari olib boriladi. Institutda, shuningdek, tibbiyot, neft-gaz va to‘qimachilik sanoati uchun ishlanmalar amalga oshiriladi.
Quyosh fizikasi instituti
Arashan ko‘li. Toshkent viloyati Qirg‘iziston va Namangan viloyati bilan tutashadigan nuqtada, dengiz sathidan 3000 metr balandlikda Arashan ko‘li joylashgan. Bu yerda muqaddas ziyoratgoh — Arashan buva qabri mavjud. Undan chaproqda Katta Arashan joylashgan. Keyin 3400 metr balandlikda tog‘ tizmasi ortidagi Muz ko‘liga yetib borasiz. Bu yerga odamlar faqat ana shu ko‘lni ko‘rish uchun emas, balki Arashan buva ziyoratgohini ham ziyorat qilishga kelishadi.

Farg‘ona vodiysi

Shohimardon. O‘zbekistonning ushbu noyob eksklavi Qirg‘iziston hududida, tog‘lar bag‘rida 1550 metr balandlikda joylashgan. Bu yerning tabiati juda go‘zal: suvi tiniq darolar, ko‘llar, shifobaxsh buloqlar va boshni aylantiruvchi cho‘qqilar. Shohimardon iqlimi shifobaxsh xususiyatlarga ega, shuning uchun bu yerga butun Markaziy Osiyodan sayyohlar kelishadi. Afsonaga ko‘ra, Muhammad payg‘ambarning kuyovlari bu yerga tez-tez kelib turgan va shu yerda dafn etilgan. Buning sharafiga masjid va maqbarani o‘z ichiga olgan me’moriy majmua qurilgan.
Shohimardon ziyoratgohi
Bobur bog‘i. Andijon shahridagi Bobur memorial bog‘i shahardan 7 km uzoqlikda joylashgan. Go‘zal Bog‘ishamol tepaligi biron bir sababga ko‘ra qurilish uchun muhim asos bo‘ldi - bu yerga Agra (hukmdor vafot etgan joy) va Kobuldan (dafn qilingan joydan) ramziy tuproq olib kelingan. Yashil bog‘ me’moriy-tarixiy majmua - uy-muzey, yodgorlik, ramziy qabr qurilgan.
Bobur bog‘ida gullar festivali
Rishton kulolchilik ustaxonalari - Farg‘ona vodiysidagi Rishton qadimdan kulolchilik mahsulotlari vatani hisoblanadi. Rishtonda kulolchilik mahsulotlari yaratishning maxsus texnologiyasi, ularni pishirish va sirlash ishlab chiqilgan. Hozirda Rishtonda 1000 dan ortiq kulolchilar ishlamoqda.
Kulolchilik markazi