Yuqori qon bosimi bilan og‘riganlarning deyarli yarmi hali o‘z kasalligidan bexabar — JSST

JSST ilk bor yuqori qon bosimining insoniyat salomatligiga salbiy ta’siri ko‘lami va buning oldini olishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan hisobotini e’lon qildi.
Sputnik
TOShKENT, 20 sen — Sputnik. Dunyoda 2050-yilgacha yuqori qon bosimi oqibatida kelib chiqadigan 76 million o‘lim holatining oldini olish mumkin. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga tayanib xabar berdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ilk bor yuqori qon bosimining insoniyat salomatligiga salbiy ta’siri ko‘lami va buning oldini olishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan hisobotini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, hozir dunyo bo‘yicha katta yoshli aholining har 3 nafardan biri gipertoniyadan aziyat chekmoqda. Bu esa insult, infarkt, yurak va buyrak yetishmovchiligi kabi hayot uchun xavfli kasalliklarni keltirib chiqarmoqda.
1990 yildan 2019-yilgacha Yer yuzida yuqori qon bosimi xastaligi bor bemorlar soni ikki baravar ko‘payib, 650 milliondan 1,3 milliard nafarga yetdi.
"Biroq dunyoda gipertoniya bilan og‘rigan insonlarning deyarli yarmi hali o‘z kasalligidan xabardor emas, to‘rtdan uch qismi past va o‘rta daromadli mamlakatlarda yashaydi", — deyiladi xabarda.
Shuningdek, bunday bemorlarning har besh nafardan to‘rt nafari zarur muolajalarni olmaydi.
Vaholanki, bu xastalikni davolash bo‘yicha tibbiy yordam sifati va ko‘lamini oshirish orqali 2023 — 2050-yillar oralig‘ida 76 million o‘lim, 120 million insult, 79 million infarkt va 17 million yurak yetishmovchiligi holatlarining oldini olish mumkin.
Tahlillarga ko‘ra, yuqori qon bosimi xavfi yosh va irsiy omillar tufayli ortishi kuzatiladi. Qolaversa, meyordan ko‘p tuz iste’moli, kam harakatlik, ichkilikbozlik, kashandalik, noto‘g‘ri ovqatlanish kabi salbiy odatlar ham gipertoniyaning rivojlanishiga olib keladi.
"Shu sababli bu xastalikning oldini olish, uni erta aniqlash va samarali davolash mamlakatlar sog‘liqni saqlash tuzilmalari uchun ustuvor maqsadga aylanishi shart",— deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Aslida esa bu xavfli dardni arzon, xavfsiz va ommabop dori-darmonlar, shuningdek, tuz iste’molini kamaytirish kabi boshqa usullar yordamida bartaraf etish mumkin.
JSST buning uchun amaliy davolash protokollarini soddalashtirish, dori vositalari va tibbiy buyumlar ta’minotini yaxshilash zarur, degan xulosada.
Qon bosimi pasayganda uni dorisiz qanday ko‘tarish mumkin — shifokor javobi