Muhim voqea: O‘zbekistonning yana bir tabiiy meros obyekti YuNESKO ro‘yxatiga kiritildi

Ta’kidlanishicha, yangi obyekt YuNESKO ro‘yxatidagi mo‘’tadil cho‘llar toifasiga kiradigan birinchi obyekt hisoblanadi.
Sputnik
TOShKENT, 20 sen — Sputnik. O‘zbekiston ishtirokidagi "Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari" transchegaraviy tabiat obyekti YuNESKOning Umumjahon tabiiy merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lum qildi.
Ushbu voqea 10–25 sentabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tayotgan YuNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining 45-kengaytirilgan yig‘ilishida sodir bo‘ldi.
“Bu ekotizim o‘zining noyobligiga qaramay, haligacha YuNESKOning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilmagandi. Bunday nominatsiyaning uch davlat tomonidan tayyorlanishi mintaqaviy hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi”, — dedi O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.
Qozog‘iston va Turkmaniston bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu nomzodnomaning O‘zbekistonga tegishli qismi O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tayyorlangan.
"Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari" Umumjahon tabiiy merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekistondan qatnashgan ikkinchi obyekt hisoblanadi. 2016-yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ishtirokidagi "G‘arbiy Tan-Shan" obyekti ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan.
Ta’kidlanishicha, yangi obyekt YuNESKO ro‘yxatidagi mo‘’tadil cho‘llar toifasiga kiradigan birinchi obyekt hisoblanadi.
Hududning O‘zbekistonga doir qismi Orolbo‘yi mintaqasi va Usturt platosi hududlarida joylashgan 2 mln gektardan ortiq hududni egallagan bir-biriga chegaradosh beshta tarkibiy qism — Saygachi, Saygachi-Beleuli, Saygachi-Duana, Saygachi-Jideyli hamda Janubiy Usturtdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk ipak yo‘lining Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgandi.