TOShKENT, 20 sen — Sputnik. Taniqli ispaniyalik mutaxassis Xose Venansio Lopes O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) matbuot xizmati xabar qildi.
Shartnoma O‘FA rahbariyati va Xose Venansio Lopes o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda imzolandi.
© Assotsiatsiya futbola Uzbekistana
“Avvalo, O‘zbekiston terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanganimdan xursandman. O‘FA rahbariyati mamlakatda futzal bo‘yicha ulkan loyiha amalga oshirilayotganini aytdi. Hozircha faqatgina tashkiliy ishlar bilan band bo‘laman, jamoa bilan Osiyo kubogi saralash bosqichidan so‘ng mashg‘ulotlarni boshlayman. Unga qadar hozirgi bosh murabbiy Bahodir Ahmedov jamoa bilan ishlaydi. O‘ylaymanki, bir jamoa bo‘lib ishlasak, albatta, ko‘zlangan natijaga erishamiz”, - dedi Xose Venansio Lopes.
Baxodir Axmedov
© Assotsiatsiya futbola Uzbekistana
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bahodir Ahmedov yordamchi murabbiy sifatida faoliyat yuritadi, uning shtabida faoliyat yuritgan barcha murabbiylar o‘z ishini davom ettiradi. Jamoaga fizioterapevt va tahlilchi murabbiy ham taklif etiladi.
O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatovning ta’kidlashicha, shartnoma jahon chempionati oxiriga qadar imzolandi.
Ravshan Irmatov
© Assotsiatsiya futbola Uzbekistana
“Jahon chempionatida ishtirok etishimiz aniq, biroq Osiyo kubogida eng yuqori maqsadni ko‘zlaganmiz. Shartnoma jahon chempionati oxiriga qadar imzolandi. O‘ylaymizki, mundialda munosib qatnashamiz”, - dedi Ermatov.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilgi futzal bo‘yicha jahon chempionati O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.