TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Germaniya elchisi Patrisiya Florni Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning Xitoy rahbari Si Szinpinni “diktator” deb atagan so‘zlari tufayli chaqirtirdi.
“Germaniyaning Pekindagi elchisi Patrisiya Flor yakshanba kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi”, — deb yozadi “Spiegel” nashri Germaniya tashqi ishlar vazirligining nomi oshkor etilmagan vakiliga tayanib.
Qayd etilishicha, bu holat Berbok Amerikaning “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Ukrainadagi mojaroning tugashini qanday ko‘rishini muhokama qilayotib, Rossiya g‘alabasi “Si (Szinpin. — tahr.) kabi diktatorlar uchun ishora” bo‘lishini aytganidan keyin sodir bo‘lgan.
Dushanba kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Nin Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning Xitoy raisi Si Szinpinni “diktator” degan so‘zlari bema’nilik va ochiq siyosiy provokatsiya ekanligini aytdi.
Xitoy Germaniyaning eng muhim savdo hamkori hisoblanadi. Iyul oyida Germaniya hukumati Xitoyga nisbatan strategiyani e’lon qildi, unda XXRga “yondashuvni o‘zgartirish” va hamkorlikning yangi parametrlarini belgilash ifodalangan. Strategiya federal hukumat Germaniyaning turmush tarzi, suvereniteti, farovonligi, xavfsizligi va boshqa mamlakatlar bilan hamkorligiga xavf solmagan holda Xitoy bilan hamkorlik qilish yo‘llari va vositalarini ko‘rsatishga qaratilgan.