TOShKENT, 19 sen — Sputnik. O‘zbekistonda pul tikish xizmatlarini taklif qiluvchi 27 ta saytga kirish cheklandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda estrada yulduzlari, sportchilar va blogerlarning pul tikish va pul tikish xizmatlari reklamasi yuzasidan ichki ishlar organlariga 11 ta xat yuborilgan.
Qo‘mita reklama beruvchi (tayyorlovchi, tarqatuvchi, buyurtmachi)larni qonun talablariga rioya etishlarini so‘rab, turli soha va yo‘nalishda 400 dan ortiq ogohlantirish xatini bergan.
Ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlar, tashqi reklama vositalarida joylashtirilgan reklamaning meyoriy hujjatlarga muvofiqligi bo‘yicha jami 24 mingdan ortiq tadqiqot o‘tkazildi.
Shundan 8 mingdan ortiq holatda turli kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlardagi 4,5 mingdan ortiq reklama o‘rganilgan. Shundan Facebook'da* 144 ta, Instagram'da* 344 ta, Telegram'da 4 108 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan.
Shuningdek, oziq-ovqat qo‘shimchalari, malhamlar, balzamlar, damlamalar, shifobaxsh va mineral suvlar reklamasi yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga kelib tushgan 150 ta murojaat o‘rganib chiqilgan. 103 ta holatda qonunbuzarliklar aniqlanib, bartaraf etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yil dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev 2021-yildan boshlab O‘zbekistonda bukmekerlik shoxobchalarini ochishga ruxsat berishni nazarda tutuvchi farmonni imzolagan edi.
Biroq 2022-yil aprel oyi oxirida prezident bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish imkonini beruvchi ilgari tasdiqlangan ko‘rsatmalarni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
* Meta (Facebook, Instagram ijtimoiy tarmoqlari) faoliyati Rossiyada ekstremistik sifatida tan olinib taqiqlangan.