Eng xavfli yo‘l va chorrahalar xaritasi shakllantiriladi

Xaritada harakatni tartibga solish uchun zarur bo‘lgan svetofor, yo‘l to‘siqlari, piyodalar yo‘laklari aniq soni va o‘rnatilish joylari ko‘rsatiladi.
Sputnik
TOShKENT, 15 sen — Sputnik. O‘zbekistondagi barcha eng xavfli yo‘l va chorrahalar xaritasi shakllantiriladi. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov mamlakat aholisiga qilgan murojaatida aytib o‘tdi. Murojaat matni "Yangi O‘zbekiston" nashrida e’lon qilindi.
Ta’kidlanishicha, bu xaritada harakatni tartibga solish uchun zarur bo‘lgan svetofor, yo‘l to‘siqlari, yerusti va yerosti piyodalar yo‘laklarining aniq soni va o‘rnatilish joylari, shuningdek, ta’mirtalab, jiddiy xavf tug‘dirayotgan yo‘l qismlarining joylashuvi ko‘rsatiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari ko‘magida, konsultantlarni jalb qilgan holda, ushbu yo‘l va chorrahalarda tartib o‘rnatish ishlari boshlanadi.
“Yo‘l harakati xavfsizligi – jamoatchilik nazoratida” tamoyili asosida yiliga kamida ikki marta ijtimoiy so‘rov o‘tkazish, shuningdek, barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududini belgilab qo‘yish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Oliy Majlis, mahalliy kengashlar va keng jamoatchilikka har yarim yilda hisobot berib boriladi.
O‘zbekiston yo‘l qurilishida yangi usulga o‘tadi