Ayrim o‘qituvchilarga 50 foiz ustama to‘lanadi

Kollej va akademik litseylarning C1 sertifikatiga ega o‘qituvchilariga 50 foiz ustama to‘lanadi
Sputnik
TOShKENT, 15 sen — Sputnik. O‘zbekistonda C1 darajaga ega professional ta’lim muassasalari va akademik litsey o‘qituvchilariga 50 foiz ustama beriladi. Bu haqda mamlakat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlikning Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan qo‘shma qaroriga ko‘ra, 2023-yil 1-sentabrdan professional ta’lim muassasalar (kasb-hunar maktabi, kollej va texnikum) va akademik litseyning xalqaro tan olingan va milliy baholash tizimida berilgan kamida C1 darajadagi sertifikatlarga ega umumta’lim fan o‘qituvchilari bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorda ustama haq to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, qaror bilan
milliy baholash tizimi muvofiq bo‘lishi lozim bo‘lgan xalqaro standartlar ro‘yxati;
ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvi vakolatli xalqaro tashkilotlar ro‘yxati;
xalqaro tan olingan va milliy baholash tizimida berilgan sertifikatlar (ularning kombinatsiyasi) ro‘yxati tasdiqlandi.
Prezident qonuni bilan ta’lim muassasalarining kamida S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega xorijiy tillar (ingliz, fransuz, nemis, ispan, italyan, arab, xitoy, yapon, koreys, turk, fors, pushtu, dari, urdu, hind) o‘qituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama haqi to‘lanishi belgilangan.
Bunda o‘qituvchilarining xalqaro sertifikatni olish uchun imtihon topshirish bilan bog‘liq xarajatlari qoplab beriladi.
Maktab o‘qituvchilariga ustama to‘lab beriladigan sertifikatlar ro‘yxati tasdiqlandi