Rasul Hamzatovning hayoti
Rasul Hamzatov 1923-yil 8-sentabrda Dog‘istonning Xunzax tumanidagi Sada ovulida Dog‘iston xalq shoiri Hamzat Sadasa xonadonida tug‘ilgan. Ona allasi bilan Rasul qalbiga poklik, mardlik tuyg‘ulari, yuksak tog‘lar mehri, xalqqa sadoqat, adabiyotga muhabbat hislari kirdi.
Rasul Hamzatov otasi Gamzat Sadasi bilan
© Foto : Natsionalniy muzey Respubliki Dagestan im. A. Taxo-Godi
Avar adabiyotining klassigi bo‘lmish otasi Rasulni yoshligidanoq mustaqil va yuksak ijodiy parvozga tayyorladi. Rasul bolalligidan oilda va do‘stlar davrasida otasining she’rlarini baland ovozda o‘qib berar edi. "Ba’zan otamning she’rlarini ayrim satrlarini o‘zgartirib o‘qirdim, ba’zida esa oxirida o‘zimning misralarimni qo‘shib yuborardim", - deb xotirlaydi keyinchalik shoir.
“Otam tulporini beringlar menga,
Choptira olaman, ming qatla shukur!”
Qamchini bosaman, ot esa yerga
Ko‘tarib tashladi meni o‘sha qur.
“Sukut saqlang, hozir boshlayman yalla,
Beringlar otamning soz – dutorini!”
Ammo qo‘llarimni urganim palla
Uzib yubordim men uning torini.
Rasul Hamzatov 13-14 yoshlarida she’r yoza boshlaydi. O‘rta maktabni bitirib, Avar pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kiradi, 1939-yilda o‘qishni tamomlab, maktab o‘qituvchisi, ko‘chma avar teatrida rejissor yordamchisi, "Bolshevik gor" gazetasi tahririyatda jurnalist va radio qo‘mitasida adabiy xodim sifatida faoliyat yuritadi.
1945-1950 yillari Moskvadagi Maksim Gorkiy nomidagi adabiyot institutida tahsil oladi. Aynan talabalik yillarida Pushkin va Lermontov, Blok va Yesenin she’riyatining sirli olami bilan tanisha boshlaydi, o‘qish davrida o‘z zamonining yetuk shoirlari S.Marshak va A.Tvardovskiy bilan do‘stlashadi. Naum Grebnev va Yakov Kozlovskiy kabi tarjimon va shoirlar bilan do‘stlashadi.
O‘qishni bitirib, Rasul Hamzatov o‘z ona yurtiga qaytib keladi. 1951-yilda o‘z qishlog‘ida birga o‘sgan qiz — Patimat Yusupovaga uylanadi. Shu vaqtdan boshlab Rasul Hamzatov Dog‘iston yozuvchilar uyushmasi raisi etib saylanadi va ushbu lavozimda umrining oxirigacha ishlaydi.
Rasul Hamzatov
© Sputnik / Eduard Pesov
1962 yilda Rasul Hamzatov SSSR Oliy Soveti deputati etib saylanadi va shundan so‘ng u 1991-yilga qadar deputatlik faoliyatini davom ettiradi.
Ushbu davrda Hamzatov mamlakat hayotida bo‘layotgan jarayonlarda faol ishtirok etadi, Sovet ittifoqining yetakchi olim va ijodkorlari bilan tanishadi. Ko‘plab xorijiy davlatlarga tashrif buyuradi va ana shunday tashriflarning biridan so‘ng uning mashhur "Turnalar" she’ri paydo bo‘ladi.
Ushbu davrda Hamzatov mamlakat hayotida bo‘layotgan jarayonlarda faol ishtirok etadi, Sovet ittifoqining yetakchi olim va ijodkorlari bilan tanishadi. Ko‘plab xorijiy davlatlarga tashrif buyuradi va ana shunday tashriflarning biridan so‘ng uning mashhur "Turnalar" she’ri paydo bo‘ladi.
Sotsialistik Mehnat Qahramoni (1974), Dog‘iston ASSR xalq shoiri (1959), Dog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist (2003), Uchinchi darajali Stalin (1952) va to‘rtta Lenin ordeni (1960, 1973, 1974, 1983). M. Gorkiy nomidagi (1980) mukofotlari bilan mukofotlanadi.
Rasul Hamzatov 80-yillik yubileylida 2003-yilda "Avliyo apostol Andrey Pervozvanniy" ordeni bilan taqdirlanadi. Mukofotni shaxsan Rossiya prezidenti Vladimir Putin topshiradi.
Rasul Hamzatov 2003-yilning noyabr oyida 81 yoshida Moskvada vafot etgan. U Dog‘istonda, Maxachkala shahri yaqinidagi Tarki posolkasi qabristoniga, rafiqasi bilan yonma-yon dafn etilgan.
Rasul Hamzatov
© Sputnik / Maks Alpert
Rasul Hamzatovning ijodi
Rasul Hamzatov o‘z ona tili - avar tilida ijod qilgan. Uning barcha she’rlari dastlab avar tilida chop etilgan va keyinchalik rus tiliga tarjima qilingan.
Shoir adabiyot olamiga 1932-yillardan boshlab kirib keladi. Ijodiy ishlari ilk marotaba 1937-yili mahalliy avar gazetasida chop etilgan. Rasul Hamzatov yosh bo‘lishiga qaramasdan tinmay ijod qilar, va shu sababli bor-yo‘g‘i yigirma yoshida Dog‘iston yozuvchilar uyushmasi a’zosiga aylanadi. Hamzatov 1943-yilda “Olovli sevgi va alamli nafrat” nomi ostida nashrdan chiqqan birinchi kitobida sovet xalqining urush vaqtidagi qahramonligini kuylaydi.
Shoir ijodining o‘sishida adabiyot institutida birga tahsil olgan yosh shoir do‘stlarining o‘rni katta. Naum Grebnev, Yakov Kozlovskiy, Yelena Nikolayevskaya, Vladimir Solouxin singari do‘stlari Hamzatovning she’rlarini rus tiliga tarjima qila boshlashadi.
Rasul Hamzatov Dog‘iston ovulida
© Sputnik / Valeriy Shustov
She’riy to‘plamlari
Shoirning avar va rus tilida “Tog‘ qo‘shig‘i”, “Mening qalbim tog‘larda”, “Tog‘likning vatani”, “Tog‘ qizi” kabi kitoblari birin-ketin bosilib chiqa boshladi va keng kitobxonlarning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortdi. Shuningdek, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan “Tug‘ilgan kunim”, “Yuksak yulduzlar” she’riy to‘plamlari o‘zining badiiy yuksakligi bilan ajralib turadi.
Shoir asarlarining asosiy mavzusi
"Mening barcha matnlarimda faqat ikki mavzu bor — Vatan va Ayol" , — deb aytardi shoirning o‘zi.
Zamondoshlarining ezgulik va badbinlik, adolat va zulm, ma’rifat va jaholat, muhabbat va nafrat haqidagi o‘ylari, tushunchalari Rasul Hamzatov she’rlarida o‘ziga xos milliy ohang, tiniq bo‘yoqlarda ifodalangan. Dunyo miqyosidagi voqea-hodisalarni o‘zining qalb mulkiga aylantirib, chuqur idrok etib, badiiy ifodalash orqali uning asarlari umumbashariy ahamiyat kasb etdi. Vatanparvar shoirning tog‘li Dog‘istonga bo‘lgan mehri, sadoqati, shu bilan bir qatorda avar tili haqida ham ko‘pgina she’rlari mavjud:
Rasul Hamzatov rafiqasi va qizlari bilan
© Sputnik / Valeriy Shustov
Men ko‘p mamlakatda yurib bearmon,
Uyga qaytgan chog‘im horib, o‘rtanib,
Ustimdan engashib so‘rdi Dog‘iston:
“Sevib qolmadingmi olis o‘lkani?”
Baland toqqa chiqdim, o‘sha yuksakdan
Dog‘istonga dedim olib chuqur tin:
“Ko‘p yurtlarni ko‘rdim, faqat yurakdan”
Sensan mening qattiq sevganim lekin.
Balki sevgingga kam ichganman qasam,
Sevgi ham, qasam ham yangilik emas,
Jimgina sevaman, bo‘lmas qo‘rqmasam:
Yuz bor qaytariq so‘z so‘ngusi abas...”.
Rasul Hamzatovning eng sevimli she’riy shakllari to‘rtliklar va sakkizliklar edi. Shoirning to‘rtliklar va sakkizliklari jamlanib “Ovuldan xat” nomi bilan alohida to‘plam bo‘lib chiqdi. Ana shu kichik she’riy shakllarda o‘sha davrning katta g‘oyalari ifodalanganligi uchun ham ular dovruq taratdi, shoirga shon-shuhrat keltirdi.
Opera qo‘shiqchisi Irina Arxipova, yozuvchi Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov va Mustay Karim. KPSS XXVI cyezdi deputatlari.
© Sputnik / Yuriy Somov
Shoirning ijtimoiy-publitsistik, voqeaband, hajviy she’rlari alohida-alohida kitoblarni tashkil etishi mumkin. Uning kitoblarida “Darvozalar va eshiklardagi bitiklar”, “Qabr toshlaridagi bitiklar”, “Xanjarlardagi bitiklar”, “Yo‘lak toshlaridagi bitiklari”, “Kubachin oltin buyumlaridagi bitiklar”, “Beshikdagi bitiklar”, “Qoyalardagi bitiklar”, “Kitoblardagi bitiklar” kabi bo‘limlar bor. Bu bitiklar ba’zan mehr-muhabbat, ba’zan yumor, ba’zan kinoya-kesatiq bilan, ba’zan katta falsafiy mazmun bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, o‘z orginalligi bilan e’tiborni tortadi.
Rasul Hamzatovning dostonlari
Hamzatov doston janrida ham ijod qilib, “Otam bilan suhbat”, “Tog‘ qizi”, “Onalarni asrang” kabi dostonlarini yaratgan. Uning hayot va adabiyot, ona vatan va zamondoshlar haqidagi "Mening Dog‘istonim" lirik qissasi qardosh xalqlar adabiyotida soxta vatanparvarlik g‘oyalari o‘rniga milliy g‘oya va milliy g‘urur tuyg‘usining shakllanishida muhim o‘rin tutgan. “Dog‘istonim” qissasi shoirning nazmiy mushohadasi, fikr va mulohazasining chuqurligini ko‘rsatuvchi asarlardan biridir. Keyingi yillarda “Chegara”, “Sevgi kitobi” kabi she’riy to‘plamlari nashr etildi.
Shoirning she’riy va nasriy asarlari, boshqa xalqlar adabiyoti qatori, o‘zbek adabiyotiga ham ta’sir o‘tkazgan. Xususan, Shukrulloning "Javohirlar sandig‘i" lirik qissasi Hamzatovning "Mening Dog‘istonim" asari ta’sirida maydonga kelgan.
Rasul Hamzatov
© Sputnik / Lev Ivanov
Tarjimonlik faoliyati
Hamzatov she’r yozishdan tashqari mumtoz va zamonaviy rus adabiyoti namoyondalari asarlarini, jumladan, Aleksandr Pushkin, Mixail Lermontov, Aleksandr Blok, Vladimir Mayakovskiy va Sergey Yeseninlarning ijod namunalarini, shuningdek, arab shoiri Abdulaziz Hoji she’rlarini o‘z tiliga tarjima qiladi.
Hamzatovning asarlari jahonning ko‘plab tillariga, shu jumladan, o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Hamzatov O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan va G‘afur G‘ulom, Asqad Muxtor, Hamid G‘ulom, Shukrullo, Abdulla Oripov singari o‘zbek shoirlari bilan adabiy aloqada bo‘lgan.
V. Putin Rasul Hamzatovga mukofot topshirmoqda
© Sputnik / Vladimir Rodionov
“Turnalar” qo‘shig‘ining yaratilishi
Rasul Hamzatovning “Turnalar” she’ri va uning asosida yozilgan qo‘shiqni sobiq SSSRda tug‘ilib o‘sgan har bir inson hech bo‘lmasa bir marta eshitgan, yo o‘z tilida yoki rus tilida. Ba’zan uni hatto “motam kuyi” yoki barcha urushlarda qurbon bo‘lgan askarlar xotirasiga “duo” deb ham atashadi.
Ushbu shyerning paydo bo‘lish tarixi ham juda qiziq. Rasul Hamzatov urush yillarida yosh yigit bo‘lgan, ko‘plab yaqinlari, qishloqdoshlari Ulug‘ Vatan urshida qurbon bo‘lgan, shoir ularning qora xat olgan onalari, turmush o‘rtoqlari va bolalarining qayg‘ularini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.
Xirosima shahridagi yodgorlik
© Sputnik / E. Xvatkov
Ushbu kechinmalarning aynan turnalar obraziga mujassam qilishda Hamzatovning Yaponiyaga amalga oshirgan safari turtki bo‘lgan. U 1965-yilda SSSR delegatsiya tarkibida Xirosimaga tashrif buyuradi. U yerda atom bombasi qurbonlari xotirasiga o‘rnatilgan yodgorliklardan birida - qo‘lida qog‘ozdan yasalgan turna qushini ushlab turgan qizaloq aks etgan edi. Yaponiyada qadimdan “ming dona qog‘oz turna yasagan kishining har qanday orzusi amalga oshadi” degan rivoyat bor ekan. Qizaloq tirik qolish orzusida qog‘ozdan turnalar yasay boshlaydi, lekin ulgurmaydi, radiatsiya oqibatida orttirgan oqqon kasalligidan vafot etadi... Rasul Hamzatovni ushbu voqea juda qattiq ta’sirlantiradi.
Uyiga qaytib kelganidan so‘ng u Urush qurbonlari xotirasi hamda yaponiyalik qizaloq voqeasi ta’siri ostida “Turnalar” she’rini yozadi.
Dastlab avar tilida yozilgan she’r, oradan 3-yil o‘tib, rus tiliga taniqli shoir va tarjimon Naum Grebnev tomonidan tarjima qilinadi. Nashr etilgan she’rni aktor va xonanda Mark Berns ko‘rib qoladi va uni bastakor Yan Frenkelga olib borib, unga mos musiqa yaratishni so‘raydi. Qo‘shiq chiroyliroq chiqishi uchun xonanda va bastakor shoir va tarjimon bilan bog‘lanib ayrim so‘zlarni o‘zgartirsh uchun ulardan ruxsat oladi. Yan Frenkel katta qiyinchilik bilan ushbu she’rga atab musiqa bastalaydi: dastlab u mos keladigan hech qanday kuy yoza olmaydi, keyin u qo‘shiqni xirgoyidan boshlashga qaror qiladi. Bu orada xonanda Mark Berns vafot etadi. Vanihoyat 1970-yilning 9-may bayrami arafasida G‘alabaning 25-yilligi kunida Yan Frenkelning o‘zi ushbu qo‘shiqni ijro etadi.
Teleekranlarda namoyish etilganidan so‘ng u bir zumda mashhur bo‘lib ketadi. "Turnalar" qo‘shig‘i ulkan SSSRning har bir xonadoniga kirib boradi va keyinchalik butun dunyoga ham taniladi va ko‘pchilikka juda ma’qul keladi. Rasul Hamzatov chet davlatlardan mutlaqo begona kishilardan minglab maktublar oladi. Ushbu mashhurlik keyinchalik Hamzatovni SSSRning tinchlik elchisi etib tayinlanishiga ham sabab bo‘ladi.
Darhaqiqat, oddiy so‘zlar bilan yozilgan ushbu qo‘shiq inson yuragining tubigacha yetib boradi. U qaysi davlat yoki millat vakili bo‘lmasin.
Rasul Hamzatov
© Sputnik / Mark Redkin
Turnalar
(Orif Tolib tarjimasi)
(Orif Tolib tarjimasi)
Xayolimga keladi goho:
Jangda o‘lgan yigitlar tuproq
Qatlariga singmagan aslo,
Turnalarga aylangan – oppoq.
O‘sha olis yillardan beri
Tinmay uchar va yo‘llagay sas.
Balki shundan ko‘kka termilib,
G‘amga botib yutarmiz nafas.
Oqshom ko‘rdim: tuman oralab
Ketar edi turna galasi.
Askarlarday borardi saf-saf,
Osmon go‘yo – urush dalasi.
Ular uchar, yo‘llari olis,
Kimlarnidir chorlab o‘tadi.
Nimagadir turna ovozi
Avarchaga o‘xshab ketadi.
Uchar, uchar bu horg‘in qo‘shin
Tuman ora tunga ro‘baro‘.
Saf ichida bo‘shdir bir o‘rin,
Balki menga atalgandir u.
Kun keladi, turnalar bilan
Tumanlarda suzarman men ham.
Osmonlarda qushlarday nolon
Chaqiraman do‘stlarni u dam.
Rasul Hamzatov yodgorligi ochilishida Rossiya Prezidenti V. Putin
© Sputnik / Aleksey Nikolskiy
/