Prezident "Elektron hukumat" reytingini yaxshilash choralari bilan tanishdi

Rejaga ko‘ra O‘zbekistonda 2024-yilda 700 ta raqamli xizmatni ishga tushiriladi va aholi maskanlari va magistral yo‘llar yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 13 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Raqamli texnologiyalar vazirligiga Top-30 davlatlar qatoriga kirish vazifasini qo‘ydi.
BMTning Elektron hukumat reytingi (e-Government Development Index) — aholi va davlat o‘rtasida elektron muloqot darajasini, xizmatlarni qulayligini belgilaydi. Ushbu reyting mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. O‘tgan yili O‘zbekiston ushbu reytingda 69-pog‘onada qayd etilgan edi.
Top-30 mamlakatlar qatoriga kirish uchun xorijlik ekspertlar ishtirokida, 6 ta yo‘nalish bo‘yicha 53 ta tadbirdan iborat “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Unda 2024-yilda 700 ta raqamli xizmatni ishga tushirish va barchasini my.gov.uz ga jamlash hamda aholi maskanlari va avtomagistral yo‘llarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash nazarda tutilgan.
Prezident yuqorida qayd etilgan takliflarni ma’qullab, onlayn xizmatlarni va yuqori texnologiyalar sohasida inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, raqamli texnologiyalar vaziriga BMT Departamentiga (UNDESA) taqdimot qilib, O‘zbekistonning reytingdagi o‘rnini yaxshilashni asoslash topshirildi.