TOShKENT, 13 sen — Sputnik. O‘zbekistonda Pokistonning “National Logistics Corporation” kompaniyasining vakolatxonasi ochilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) matbuot xizmati xabar berdi.
Pokiston delegatsiyasining mamlakatga tashrifi doirasida “National Logistics Corporation” transport-logistika kompaniyasi rahbari Farrux Shahzod Rao bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va kelgusida transport hamda yuk tashuv loyihalarini amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha muhokama olib borildi.
Pokistonlik mehmonlar “National Logistics Corporation” kompaniyasi to‘g‘risida taqdimot o‘tkazib, kompaniya faoliyati va afzalliklari haqida batafsil ma’lumotlar berdi.
Shuningdek, Pokiston tomoni O‘zbekistonda kompaniya vakolatxonasini ochish niyatini bildirdi.