O‘zbekiston korrupsiyani oldini olishda sun’iy intellektdan foydalanmoqchi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BAAning G42 (Presight) kompaniyasi korrupsiyani oldini olishda hamkorlik qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 13 sen — Sputnik. O‘zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) bilan korrupsiyani oldini olish jarayoniga sun’iy intellektni joriy etishga kelishib oldi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BAAning G42 (Presight) kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, xorij kompaniyasi davlat xizmatlari, moliya hamda sport yo‘nalishlariga sun’iy intellekt imkoniyatlarini tatbiq etishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.
Xususan, kompaniya tomonidan sun’iy intellekt algoritmi yordamida affillanganlik, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash, jinoiy daromadlarni legallashtirish, davlat xaridlari sohasidagi qonunbuzilishi holatlarining oldini olishga doir dasturiy mahsulotlar yaratilgan.
Uchrashuvda O‘zbekistonda shunday platformalarni yaratish hamda Agentlik faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
“Uchrashuvda Agentlik faoliyatini raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olishga kelishib olindi”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, agentlik tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bir qator elektron dastur va mahsulotlar ishlab chiqilgan.
Davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini baholovchi e-antikor platformasi, davlat organlari ochiqligini baholashga mo‘ljallangan elektron dastur, fuqarolar tomonidan yo‘llanadigan murojaatlarni qabul qilishga mo‘ljallangan elektron tizim shular jumlasidandir.
Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida ijtimoiy tarmoqlarni monitoring qilish imkoniyatini beruvchi platformadan ham foydalanib kelinmoqda.
"Davlat xaridlari, aksilkorrupsiya dastur va strategiyalarining amalga oshirilishi hamda boshqa yo‘nalishlarda sun’iy intellektga asoslangan elektron platformalarni agentlik faoliyatiga joriy etish rejalashtirilmoqda", - deyilgan agentlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi.