TOShKENT, 13 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zlaydi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov "O‘zbekiston 24" telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari keyingi haftada Amerikaga safar qiladi. Mirziyoyev Nyu-York shahrida o‘z ishini boshlaydigan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida ishtirok etib, nutq so‘zlaydi.
"Prezidentimiz xalqaro hamjamiyatni nafaqat yurtimizdagi islohotlar jarayoni, inson huquqlari, ijtimoiy-siyosiy modernizatsiya sohalarida erishilgan natijalar bilan tanishtiradilar, balki ham mintaqaviy, ham global ahamiyatga ega qator muhim tashabbuslarni ilgari suradilar", — dedi Asadov.
Mirziyoyev tashrif doirasida AQSh prezidentining taklifiga binoan o‘tkaziladigan "S5+1" formatidagi AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, boshqa mamlakatlar davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro moliya tashkilotlari yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.