TOShKENT, 12 sen — Sputnik. O‘zbekiston yo‘l qurilishida “resurs” usulidan “hajm” usuliga o‘tish, “FIDIK” standartlarini joriy etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘llarni loyihalash, qurish va saqlash tizimini isloh qilish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda tegishli takliflarni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.
Misol uchun, loyihaning texnik topshirig‘i hozirda “resurs” usuliga asoslangan. Bunda 1 kilometr yo‘l qurish uchun qancha ishchi kerak, qancha yoqilg‘i va nechta texnika ishlatiladi, texnikaning turi qanaqa bo‘lishi kerak, degan yuzlab shartlar kiritilgan.
“Oqibatda texnik nazoratchilar asosiy vaqtini yo‘lning sifatini tekshirishga emas, pudratchining hujjatlarini o‘rganishga sarflaydi. Natija hammaga ma’lum. Aslida, davlat yo‘lning o‘ziga talabni belgilab, uni sifatli qabul qilishi kerak. Marhamat, pudratchi yo‘lni qanday texnika bilan qurishini o‘zi hal qilsin. “Hajm” usulining mazmuni ham shu”, - dedi prezident.
Yig‘ilishda Mirziyoyev yo‘l sohasidagi tizimli muammolarni sanab o‘tdi.
Hududlarda o‘tkazilgan so‘rovlarda aholi ichki yo‘llarning holati va sifatini dolzarb muammolardan biri sifatida ko‘rsatgan. Ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish orqali loyihalar qiymatini kamida 20-30 foizga qisqartirish mumkinligi qayd etildi.
Yig‘ilishda yo‘llarni loyihalash meyorlarini takomillashtirish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Kichik, o‘rta va katta yo‘llar uchun ham, shuningdek, vohadagi yo‘llar bilan vodiydagi yo‘llar uchun ham bir xil “shablon” loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Loyihalarda yo‘l bo‘yi infratuzilmasini nazarda tutilgan holda xalqaro yo‘llarda savdo va servis obyektlarini tartibli joylashtirishga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.