TOShKENT, 12 sen — Sputnik. O‘zbekistonda bundan buyon ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun budjet mablag‘lari faqat “Mening yo‘lim” dasturi orqali ajratiladi. Bu haqida ayni damda Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tayotgan yo‘l qurilishi sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum bo‘ldi.
“Endi qayerda ichki yo‘l qurish, qayerdagi yo‘llarni ta’mirlashni odamlarimizning o‘zi hal qiladi. Shunday qilsak, loyihani tanlab olishda va sifatni ta’minlashda ochiqlik bo‘ladi, to‘liq jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi”, - dedi prezident.
Xususan, 2024-yilda ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun “Mening yo‘lim” dasturi doirasida 800 milliard so‘m ajratish topshirildi.
Xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqishda yangidan tuzilayotgan jamg‘arma imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Bunda, maxsus ishchi guruh yo‘l xo‘jaligi sohasida investitsiya va davlat-xususiy sheriklik metodologiyasi va mezonlarini ishlab chiqadi. Viloyat hokimlari bilan birgalikda loyihalar tanlab olinadi va investorlarni jalb qilish uchun tayyorlanadi.
Yig‘ilishda qayd etilishiga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi 6-yilda yo‘llarni qurish va ta’mirlashga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori 3 karra oshgan. Yo‘lsozlik kompaniyalari uchun 2 mingdan ziyod yangi maxsus texnikalar xarid qilingan, 65 ming kilometr yo‘llar qurildi va ta’mirlandi.
O‘tgan yili ishga tushgan “Mening yo‘lim” loyihasi ishga tushdi va 2023-yilda aholi takliflari asosida 470 ta mahallada ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlandi. Uch mingga yaqin mahalla yo‘llariga ilk bor asfalt yotqizildi, yana 2 mingta mahalladagi tuproq yo‘llar shag‘al qoplamaga o‘tkazildi.