TOShKENT, 11 sen — Sputnik. 15 sentabrdan 15-oktabrgacha Toshkentdagi markaziy (Shimoliy) temir yo‘l vokzalidan harakatlanadigan aksariyat poyezdlar qatnovi "Toshkent-Janubiy" vokzalidan amalga oshiriladi. Bu haqda "O‘zbekiston temiryo‘llari" AJ xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, bu vaqt mobaynida "To‘qimachi" hamda "Toshkent-yo‘lovchi" temir yo‘l bekatlari oralig‘idagi yo‘lda texnik ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Bir oy mobaynida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari, "Sharq" (Toshkent — Buxoro), "Nasaf" (Toshkent — Qarshi), "O‘zbekiston" (Toshkent — Andijon) hamda xalqaro yo‘nalishlardagi Toshkent — Volgograd, Dushanbe — Toshkent yo‘lovchi poyezdlari "Toshkent-Janubiy" temir yo‘l vokzal hududidan reyslarini amalga oshiradi.
Olmaota — Toshkent, Toshkent — Novosibirsk, Toshkent — Samara yo‘nalishida harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlari hamda Toshkent — Xojikent shaharlararo poyezdlari qatnovi bundan mustasno. Ular Shimoliy vokzaldan qatnovni davom ettiraveradi.
Ta’kidlanishicha, har ikki vokzaldagi barcha chiptaxonalar uzluksiz ishlaydi. Bundan tashqari, chiptalarni elektron tarzda ham xarid qilish mumkin. "Toshkent-Janubiy" temir yo‘l vokzaldagi kutish zallari, vokzalga kirishda 3 ta bir bosqichli nazorat o‘tish punkti doimiy ravishda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Shuningdek, bir oy mobaynida "Toshkent-Markaziy" vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd jo‘nashidan oldin chipta xarid qilgan yoki adashib "Toshkent-Shimoliy" vokzaliga kelib qolgan yo‘lovchilarni "Toshkent-Janubiy" vokzaliga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar qatnaydi.
Qo‘shimcha qilinishicha, rekonstruksiya ishlaridan so‘ng mazkur hududdagi temir yo‘lda poyezdlar o‘tkazuvchanligi yanada ortadi va yuk poyezdlarining to‘xtovsiz harakatlanishiga imkoniyat yaratiladi.