Olimlar okean tubidan sirli tuxum topishdi

Alyaska qirg‘og‘ida, ehtimol, noma’lum jonzotning tuxumi topildi.
Sputnik
TOShKENT, 8 sen — Sputnik. AQShning Okean va atmosfera tadqiqotlari milliy boshqarmasi (NOAA) olimlari Alyaska qirg‘oqlarida noma’lum mavjudotning tuxumi bo‘lishi mumkin bo‘lgan sharni topishdi. Bu haqda RIA Novosti "Guardian" gazetasiga tayanib xabar berdi.

“Markazidagi qiziqarli teshikka ega silliq obyekt masofadan boshqariladigan tadqiqot suv osti kemasi tomonidan taxminan ikki mil (3,2 kilometr. - tahr.) chuqurlikda topildi”, - deyiladi xabarda.

Olimlarning fikricha, topilgan buyum terini eslatuvchi tillarang va yupqa sirtga ega. Ularning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, teshikning mavjudligi yirtqichning kirib borishi yoki kimdir allaqachon tuxumdan chiqqanligini ko‘rsatishi mumkin.
"Umid qilamanki, biz u yerga kirsak, biror narsa chiqmaydi <...> Bu xuddi qo‘rqinchli filmning boshlanishiga o‘xshaydi”, - deydi olimlardan biri.
Nashrning yozishicha, tadqiqotchilar obyektning kelib chiqishini aniqlash uchun testlar va DNK tahlillarini o‘tkazmoqda.