TOShKENT, 7 sen — Sputnik. Minskda bo‘lib o‘tgan biznes-forumda o‘zbek va belorus tadbirkorlari 92 mln dollarlik shartnomalar imzolashdi, deya xabar berdi Oliy Majlis Senati.
Minsk shahrida 6-sentabr kuni O‘zbekiston – Belarus biznes doiralari va tadbirkor ayollar birinchi biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Ikki mamlakat tadbirkor ayollari o‘rtasida “B2B” formatida o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida 92 mln dollar miqdorida 42 ta shartnoma va 17 ta memorandum imzolandi.
O‘zbek va belarus tadbirkorlari 92 mln dollarlik shartnomalar imzolashdi
“Forum so‘nggida yakuniy hujjat (deklaratsiya) qabul qilindi. Unda savdo-iqtisodiy, investitsiya, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy, ta’lim, gumanitar, turizm va o‘zaro manfaatli boshqa sohalardagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari aks etdi”,- deyiladi xabarda.
Tadbirda O‘zbekistondagi sanoat va qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati, madaniy-gumanitar, shuningdek, turizm va transport kabi sohalarning vakillari bo‘lgan biznes doiralar va ishbilarmon ayollar ishtirok etdi.
O‘zbek va belarus tadbirkorlari 92 mln dollarlik shartnomalar imzolashdi
Forum doirasida tashkil etilgan “Tadbirkorlikdagi ayollar – Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish salohiyati” mavzusidagi yalpi majlisda yengil sanoat, ilg‘or texnologiyalar almashish, mato, kiyim-kechak, poyabzal, mo‘yna va charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun birdek manfaat keltirishi ta’kidlandi.
O‘zbek va belarus tadbirkorlari 92 mln dollarlik shartnomalar imzolashdi
Shuningdek, IT sohasida aloqalarni rivojlantirish, tadbirkorlik, ayniqsa ayollar uchun raqamli mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqish, xotin-qizlarni raqamli iqtisodiyotga jalb etish, ayollarning bu boradagi savodxonligi va malakasini oshirish bo‘yicha tajriba almashish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbek va belarus tadbirkorlari 92 mln dollarlik shartnomalar imzolashdi
Eslatib o‘tamiz, Senat raisi boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Belarusda bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida Narbayeva Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko, Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi raisi Natalya Kochanova va Belarus bosh vaziri Roman Golovchenko bilan uchrashdi.