TOShKENT, 7 sen — Sputnik. Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qo‘mita raisi o‘rinbosari Azizjon Kamilov Italiyaning “Mondo” va Xitoyning “TaiShan” kompaniyasi mutasaddilari bilan uchrashishdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
© NOK
Ayni kunlarda “Toshkent-2025” IV yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun qurilayotgan Olimpiya shaharchasida ish qizg‘in ketmoqda. Obyektlar barpo etilgach, uni eng zamonaviy sport inventarlari bilan jihozlash kun tartibidagi asosiy masalaga aylanadi.
Uchrashuvda shu masalalar muhokama qilindi.
“Mondo” tomonidan shirkatning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejeri Andrea De Karo tashrif buyurdi. Ushbu brend yengil atletika, shuningdek, voleybol, basketbol, futzal kabi sport turlari uchun qoplamalar tayyorlaydi. Kompaniya 1976-yildan beri bir necha Olimpiadalarda stadionlarni yengil atletika bahslari uchun qoplamalar bilan ta’minlab keladi.
“TaiShan” kompaniyasi tomonidan tashqi savdo bo‘yicha bosh menejer Chjan Vei tashrif buyurdi.
“TaiShan” yakkakurash turlari bo‘yicha sport inventarlarini ishlab chiqarish borasida dunyoning yetakchi kompaniyalaridan sanaladi. U 2018-yil Indoneziyada o‘tgan, joriy yil Xitoy mezbonlik qiladigan Osiyo o‘yinlari, Buenos-Ayres-2018 o‘smirlar Olimpiadasi, 2019-yil Tokio shahrida o‘tgan dzudo bo‘yicha jahon chempionatida tashkiliy qo‘mitaning asosiy hamkori bo‘lgan.
© NOK
Mutasaddilar Olimpiya shaharchasining barcha hududini ko‘zdan kechirishdi. Oybek Kasimov ekskursiya davomida mehmonlarga loyiha haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi. Shundan so‘ng tomonlar kun tartibidagi mavzular bo‘yicha fikr almashib, hamkorlikning keyingi qadamini belgilab olishdi.