TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Kecha, 4-sentabr kuni YuNESKOning Parijdagi Bosh qarorgohida “Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar” ko‘rgazmasi ochildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, loyiha buyuk alloma va mutafakkir tavalludining 1050-yilligiga bag‘ishlangan.
Qayd etilishicha, tashrif buyuruvchilar vizual installyatsiyalar yordamida Abu Rayhon Beruniyning hayoti va ijodi, kashfiyot va izlanishlari haqida ma’lumot olishlari mumkin. Ekspozitsiyada allomaning Fransiya milliy kutubxonasi fondidan yig‘ilgan qo‘lozmalariga alohida joy ajratilgan.
“O‘ylaymanki, ushbu loyiha Yevropa jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otib, buyuk allomalarimiz merosi bilan faxrlanadigan o‘zbek zamini haqidagi tasavvurlarini yanada boyitadi”, - deb yozadi Mirziyoyeva.
U, shuningdek, O‘zbekiston YuNESKO Bosh Konferensiyasining 43-sessiyasini 2025-yilda Samarqandda o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qilgan.
“Agar ushbu taklif ma’qullansa, bu tarixiy voqea YuNESKO sessiyalarini faqat Parijda chaqirish bo‘yicha 40-yildan oshiq davom etgan an’anani o‘zgartira oladi”, - deb yozadi Mirziyoyeva.