Noqonuniy sha’riy nikoh o‘qiganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin

Noqonuniy nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 5 sen — Sputnik. O‘zbekistonda qonuniy nikohdan o‘tmagan fuqarolarga sha’riy nikoh o‘qiganlar uchun jinoiy javobgarlik belgilash rejalashtirilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tegishli qonun loyihasini ko‘rib chiqib, qabul qilishdi.

Qonun loyihasi bilan nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, Konstitutsiyaning 76-moddasida oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hamda u jamiyat va davlat muhofazasida ekanligi, nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanishi mustahkamlab qo‘yildi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, so‘nggi paytlarda respublikada faqatgina diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikohlar soni va buning ortidan ko‘pxotinlik holatlari ortib bormoqda
2022 yilda respublika bo‘yicha 18 955 ta holatda tug‘ilgan chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi asosida qayd etilgan. 2021-yilda ushbu ko‘rsatkich 19 037 tani, 2020-yilda 16 564 tani tashkil qilgan.
Nikoh belgilangan tartibda FHDYo organlarida qayd etilmagani otalikni belgilash, aliment tayinlash, meros masalalariga oid turli xil muammolarni keltirib chiqarib, natijada fuqarolarda, ayniqsa ayollarda davlatning huquqiy siyosatiga nisbatan bo‘lgan ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Deputatlar bu qonun loyihasining qabul qilinishi xotin-qizlar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilishiga ishonch bildirishdi.
Qayd etish joizki, hozir O‘zbekistonda qonuniy nikohdan o‘tmagan fuqarolarga sha’riy nikoh o‘qigan shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasi 2-qismi (Diniy yig‘ilishlar, ko‘cha yurishlari va boshqa diniy marosimlar o‘tkazish qoidalarini buzish), 241-moddasi (Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish) va 47(3)-moddasi 3-qismi (Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish) asosida jarimaga tortib kelinadi.
Qo‘shxotinlikni targ‘ib qilganlik uchun javobgarlik joriy etiladi