TOShKENT, 4 sen — Sputnik. Polshada va Ukrainada "legionerlar kasalligi" epidemiyasi avj olishi mumkin. Bunga sabab Qo‘shma Shtatlar tomonidan qasddan ommaviy qirg‘in qurolidan foydalanish bo‘lishi mumkin. AQShning maqsadi — ushbu kasallik paydo bo‘lishida Rossiyani ayblash, dedi Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi, Rossiya ta’lim akademiyasi prezidenti o‘rinbosari Gennadiy Onishchenko RIA Novosti agentligiga.
“Bir necha hafta oldin Polshaning Jeshuv shahrida "legionerlar kasalligi" yoki legionelloz epidemiyasi avj olgan edi. Keyin ushbu kasallik Polshaning boshqa hududlariga ham tarqaldi", - deydi mutaxassis.
Xarkov viloyatida harbiylar orasida ham ushbu kasallik tarqaldi, lekin u yerda e’lon qilingan raqamlarga ishonish qiyin. Ushbu voqealarning xususiyati faqat bir narsadan darak beradi — bu odatiy epidemiya tarqalishiga o‘xshamaydi, bu — qasddan ommaviy qirg‘in qurolidan foydalanishga o‘xshaydi.
Onishenkoning aytishiga ko‘ra, o‘tgan hafta chop etilgan AQSh Mudofaa vazirligi hisobotida legionelloz AQSh armiyasiga tahdid solayotgani aytib o‘tilgan.
Jeshuv Polshaning asosiy logistika markazi bo‘lib, Ukrainaga jo‘natilayotgan NATOning barcha qurollari shu yerdan o‘tadi. Vaziyatning AQSh uchun qulay tomoni shundaki, biologik qurollar ataylab qo‘llanganini isbotlash juda qiyin, deydi u.
Mutaxassis taxmin qilishiga ko‘ra, oxir-oqibat AQSh Rossiyani Ukraina va Polshada biologik qurol ishlatganlikda ayblashi mumkin. Sabablarni aniqlash uchun u yerga xalqaro komissiya yuborishni talab qilishi mumkin, deydi mutaxassis.
Onishenko aytishiga ko‘ra, ana shunday hisobot allaqachon tayyorlangan.