TOShKENT, 1 sen — Sputnik. Uch yilga qamalgan Urganch shahrining sobiq hokimi Shuhrat Abdullayev ozodlikka chiqarildi. O‘zbekiston Oliy sudi kassatsiya instansiyasi 29-avgust kuni tegishli ajrim qabul qildi.
Sobiq hokim JIB Xiva tuman sudining 4-iyuldagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi "a" bandi va 229−4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi "a", "b" bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan edi.
Unga 2-yilga muayan huquqdan, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mansabdor va moddiy javobgar shaxs lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.
Keyinchalik ish Xorazm viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rilgan. Sudning 4-avgustdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Oliy sudning JIB sudlov hay’atiga Abdullayev advokatlari u asossiz sudlangani va uning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi sababli unga nisbatan oqlov hukmi chiqarish haqida kassatsiya shikoyatlarini kiritgan.
Qolaversa, Xorazm viloyat prokurori sudlanuvchi aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi va yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligini inobatga olib, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlash haqida protest keltirgan
Oliy sud kassatsiya instansiyasining 2023-yil 29-avgustdagi ajrimiga muvofiq yuqoridagi sud qarorlari o‘zgartirildi. Sudlangan Sh. A. aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi va ish bo‘yicha yetkazilgan moddiy zararni ixtiyoriy ravishda to‘liq qoplanganini inobatga olgan holda unga BHMning 500 baravari (165 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Shu tariqa, protest to‘liq, shikoyatlar esa qisman qanoatlantirildi. Abdullayevjazoni ijro etish joyida qamoqdan ozod qilinishi belgilandi.
Shuhrat Abdullayev 1967-yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. 2018−2020 yillar davomida Urganch shahri hokimi bo‘lgan.