TOShKENT, 1 sen — Sputnik. 1 sentabr kuni "Toshkent-3" mahalliy aviaqatnovlar terminali oldida ikki hafta oldin boshlangan rekonstruksiya qilish ishlaridan so‘ng qurilgan yo‘lak ochildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar qildi.
Endi transport vositalarining terminal oldiga kelishi soddalashtirildi. Uchta alohida yo‘laklar paydo bo‘ldi: rasmiy aeroport taksi xizmatlari, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar, shuningdek, kuzatuvchi va kutib oluvchilar avtomobillari, jumladan, agregatorlar bilan ishlaydigan taksilar uchun.
Hududga barcha yengil avtomobillar, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar uchun 10 daqiqagacha muddatga qisqa muddatli kirishga ruxsat beriladi. Avtomobilning yo‘lakda o‘tkazgan vaqti 10 daqiqadan oshib ketgan taqdirda, o‘rnatilgan va YHXB bilan integratsiyalashtirilgan kameralar qoidabuzarlarga avtomatik ravishda jarima soladi. Shuningdek, kelishning o‘ng va chap yo‘laklarini ajratib turuvchi sariq chiziqda to‘xtash taqiqlanadi va qoidabuzarlik hisoblanadi, buning uchun jarima ham nazarda tutiladi.
“Bugungacha ma’lum bir xavfsizlik talablaridan kelib chiqqan holda avtomototransport vositalari terminal oldiga kira olmas edi. Endilikda biz haydovchilar uchun xalqaro standartlarga muvofiq, yo‘lovchilarni terminalda qoldirib, olib ketishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berdik”, — deyiladi “Uzbekistan Airports” AJ Aviatsiya xavfsizligi xizmati xabarida.
Vokzal maydonini rekonstruksiya qilish ishlari hukumatning 2023-yil 17-apreldagi tegishli qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Kompanich 2024-yilning 1-yanvariga qadar O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda ham terminal oldi hududlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilishini eslatgan.