TOShKENT, 1 sen — Sputnik. Surxondaryo viloyatida hokimdan adolat talab qilgan direktor kaltaklab ketilgani aytilgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Viloyat prokuraturasi bu holatga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Sariosiyo tumanidagi 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabining direktorini o‘qituvchining yaqin qarindoshlari kaltaklagani holati yuzasidan tuman IIB tergovga qadar tekshiruv o‘tkazgan.
“Aniqlanishicha, maktab direktori U.T. maktab o‘qituvchisi D.K.ning dars soatlarini asossiz ravishda kamaytirgani sababli turmush o‘rtog‘i Y.M. tomonidan urib, tan jarohati yetkazilgan”, - deyilgan xabarda.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi va 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Gumon qilinuvchi shaxs ushlangan. Jinoyat ishini viloyat prokuraturasi nazoratga olgan.
Surxondaryo viloyati hokimiyati matbuot xizmatiga xabariga ko‘ra, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov direktor Umida Tursunovaning holidan xabar oldi.
Ta’kidlanishicha, Tursunovaga bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, boshning peshona tepa ensa sohasi ko‘plab ezilib yirtilgan jarohatlari, ikkala ko‘z yuqori va pastki qovoqlarga qontalashish tashxisi qo‘yilgan.
Unga zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Ayni vaqtda bemorning ahvoli barqaror.
“Viloyat hokimi Umida Tursunovaga shikast yetkazgan aybdorning qonunga muvofiq javobgarlikka tortilishini hamda uning to‘laqonli davolanishini o‘z nazoratiga olganligini bildirdi”, - deyilgan xabarda.