TOShKENT, 1 sen — Sputnik. Davlat mustaqilligining 32-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, taniqli siyosat, jamoat va din arboblaridan tabriklar kelmoqda.Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Xorijiy hamkorlar o‘z qutlovlarida keyingi yillarda demokratik yangilanishlar va milliy taraqqiyot yo‘lidagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirishda, mamlakatning xalqaro maydondagi o‘rni va obro‘sini yuksaltirishda erishilgan ulkan muvaffaqiyatlarni alohida qayd etgan.
Ta’kidlanganidek, yaqinda bo‘lib o‘tgan muhim siyosiy voqea – yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilingani xalq Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ortga qaytmas islohotlarni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolatdir.
Tabriknomalarda davlat rahbariga yangi muvaffaqiyatlar hamda O‘zbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan.
Xususan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Xitoy raisi Si Szinpin, AQSh prezidenti Jozef Bayden, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Qozog‘iston prezidenti Qasim- Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Hindiston prezidenti Draupadi Murmu, Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, BAA prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Eron prezidenti Said Ibrohim Raisiy, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban va boshqalar.
Qutlovlar kelishda davom etmoqda.
To‘liq ro‘yxat quyida.