Bolalarning muzeylarga bepul kirish tartibi qanday

Respublika fuqarosi hisoblangan va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, jumladan, har oyning birinchi yakshanbasi "Ochiq eshiklar kuni" doirasida muzeylarga bepul kirishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 30 avg — Sputnik. O‘zbekistonda 1-sentabrdan boshlab respublika fuqarosi hisoblangan va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning madaniy meros obyektlariga, jumladan, ko‘rgazmalar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, davlat muzeylariga bepul kirish tartibi joriy etiladi.
AOKAda o‘tkazilgan brifingda Madaniy meros agentligi axborot xizmati rahbari Mohinur Imomova bepul kirish tartibi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Obyektlarga bepul kirish tartibiga ko‘ra, respublika fuqarosi hisoblangan va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar:
har yilning 2–8-sentabr kunlari o‘tkaziladigan "Muzeylar haftaligi" doirasida;
har oyning birinchi yakshanbasi "Ochiq eshiklar kuni" doirasida;
haftaning har seshanba va juma kunlari madaniyat muassasalariga bepul kiritiladi.
Bunda tashrif buyuruvchi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tegishli obyektlar kassasiga tavallud sanalarini tasdiqlovchi pasport yoki ID kartalarini taqdim etishlari lozim bo‘ladi.
Yosh san’at ixlosmandlari madaniyat o‘choqlariga guruh bo‘lib yoki yakka tartibda tashrif buyurishlari mumkin.
Obyektlarga bepul kiritilgan tashrifchilarga xizmat ko‘rsatish, jumladan, ekskursiya xizmati tashrif buyuruvchilar uchun belgilangan umumiy tartibda amalga oshiriladi.
Ta’lim va tarbiya muassasalari guruh bo‘lib bepul kirishda tashrif buyuruvchilarning tarkibi, bolalar guruhlariga hamrohlik qiluvchi mas’ul shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarni obyektlar ma’muriyatiga kamida 3 kun oldin yozma ravishda taqdim etishi talab etiladi.
Yosh sayohatchilar guruhlariga hamrohlik qiluvchi ikki nafargacha mas’ul shaxsga obyektlarga bepul kirishiga ruxsat beriladi.
O‘zbekistonning eng ommabop muzeylari ma’lum bo‘ldi