TOShKENT, 28 avg — Sputnik. Rossiyaning Ulyanovsk avtomobil zavodi (UAZ) O‘zbekistonda avtomobil yig‘ishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Buning uchun Toshkent viloyatidagi “Chirchiq” texnoparki maydoni ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, texnopark va UAZ vakillari hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishgan.
“UAZ vakillari O‘zbekistonda avtomobil yig‘ishni yo‘lga qo‘yish niyatini bildirdi va buning uchun texnopark maydonlarini ko‘rib chiqmoqda”, - deyilgan xabarda.
Rossiya zavodi vakillari delegatsiyasiga rezident maqomini olgan investorlar uchun qanday imkoniyatlar mavjudligi so‘zlab berilgan.
Avvalroq “AvtoVAZ” bosh direktori Maksim Sokolov kompaniya O‘zbekistonda avtomobil yig‘ishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgani xabar qilingan edi.
Ulyanovsk avtomobil zavodi (UAZ) 1941-yilda tashkil etilgan. UAZ savdo markasi ostida yuqori o‘tish qobiliyatiga ega to‘liq g‘ildirakli yengil va kam tonnali yuk-yo‘lovchi avtomobillarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 2000-yildan SOLLERS avtomobil konserni tarkibiga kiradi.