TOShKENT, 25 avg — Sputnik. O‘zgidromet kuz oylari uchun meteorologik prognozini e’lon qildi.
Sentabr
Bu oyda O‘zbekistonda o‘rtacha oylik havo harorati respublika bo‘yicha meyor atrofida, ba’zi joylarda meyordan 1−1,5 darajaga yuqori bo‘lib, +18…+25 darajani tashkil etadi.
Oyning birinchi yarmida harorat asosan kechalari +13…+18 daraja, kunduz kunlari +33…+38 daraja bo‘ladi. Ikkinchi yarmida harorat kechalari +13…+18 darajadan +8…+13 darajagacha, kunduz kunlari +30…+35 darajadan +23…+28 darajagacha o‘zgarib turadi.
Oylik yog‘ingarchilik miqdori meyordan kam, ba’zi joylarda meyor atrofida bo‘lishi kutilmoqda (meyor 3−8 mm, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 0,0−2 mm, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 9−28 mm gacha).
Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlari biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, janubda esa yomg‘ir yog‘ish ehtimoli kam.
Oktabr
Kuzning ikkinchi oyida o‘rtacha oylik havo harorati respublika bo‘yicha meyor atrofida bo‘lib, +10…+12 darajani, janubda +16…+18 darajagachani tashkil etadi.
Oy davomida harorat kechalari +10…+15 daraja iliqdan +3…+8 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi, oy oxirida 0…-2 darajagacha sovuq bo‘lishi mumkin, kunduz kunlari +23…+28 daraja iliqdan +13…+18 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi. Shimolda, oy davomida havo harorati kechalari +8…+13 daraja iliqdan +1…+6 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi, 0…-3 daraja sovuqqacha bo‘lishi mumkin, kunduz kunlari +12…+17 daraja iliqdan +20…+25 daraja iliqgacha o‘zgarib turadi.
Oylik yog‘ingarchilik miqdori meyor atrofida, ba’zi joylarda meyordan ko‘p, shimolda va janubda ba’zi joylarda meyordan kam (meyor 12−26 mm, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 3−11 mm, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 27−70 mm gacha).
Oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.
Noyabr
Bu oyda o‘rtacha oylik havo harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lib, +2…+8 daraja iliqni, janubda +10 darajagacha iliqni tashkil etadi.
O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik meyorga yaqin bo‘lishi prognoz qilinmoqda, faqat respublikaning janubi-g‘arbida biroz ehtimollik bilan yog‘ingarchilik taqchilligi bo‘lishi kutilmoqda.
Noyabr oyida yog‘ingarchilik meyori 37−48 mm, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim joylarida 8−36 mm, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 65−113 mm gacha bo‘ladi.