TOShKENT, 24 avg — Sputnik. Energetika vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda metan “zapravka”larda gaz narxi oshishi mumkinligi haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, barcha metan "zapravka"larga avgust oyi uchun ham ularning talablariga asosan belgilangan limitga ko‘ra tabiiy gaz to‘liq yetkazib berilgan. Hech qanday cheklov kiritilmagan.
“Qaysidir metan "zapravka" o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turgan bo‘lsa, demak, bu qandaydir texnik sabablar yoki boshqa bir omil tufayli bo‘lishi mumkin”, - deyilgan xabarda.
Vazirlik metan "zapravka"larda sotiladigan bir kub gaz uchun belgilangan narx oshmaganini qayd etgan.
Aholi va boshqa toifadagi iste’molchilar qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda belgilangan muddatlarda tabiiy gaz narxining oshirilishi haqida avvaldan ogohlantirilishi eslatilgan.
“Zapravka"larda gaz narxining asossiz oshirilishi holatlari yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 1159 raqamli “ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.