TOShKENT, 23 avg — Sputnik. O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida xalqaro munosabatlar yo‘nalishida ta’lim olayotgan bir guruh talabalar O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida o‘z amaliyotini boshladi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan ushbu loyiha 14-avgustdan 3-sentabrgacha davom etadi. Amaliyotda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 11 nafar iqtidorli talabalari ishtirok etmoqda.
“Mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi bizni juda muhim tadbir oldidan qabul qildi. Hozirgi paytda butun yurtimizda bo‘lgani kabi mamlakatimiz Moskvadagi diplomatik missiyasida ham Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramini munosib nishonlashga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Amaliyot jarayoni juda qiziq va murakkab. Biz bu jarayonning bir qismiga aylanish imkoniyatidan foydalanayapmiz”, - deydi amaliyotchi talaba Umida Nurmatova.
Talabalar O‘zbekiston diplomatik missiyasining matbuot xizmati, savdo-iqtisodiy, siyosat, konsullik va boshqa bo‘limlarida malaka oshirmoqda.