Talabalarning turarjoy bilan ta’minlanishini nazorat qiluvchi markaz ishga tushdi

Barcha davlat oliy ta’lim muassasalari hududiga kirish joylarida maxsus markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Sputnik
TOShKENT, 18 avg — Sputnik. Talabalar turarjoylari va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi ishga tushdi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, barcha davlat oliy ta’lim muassasalari hududiga kirish joylarida maxsus markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarni turar joy bilan ta’minlashda navbatlarning oldini olish, talabalarning turarjoysiz qolishlari ehtimolini bartaraf etishdan iborat.

“Markazda ko‘ngilli lider yoshlar hamda tutorlar faoliyat yuritib, turar joyga muhtoj talabalarning yotoqxona va ijara xonadonlari bilan ta’minlanishini nazorat qiladilar, ularga amaliy yordam beradilar”, - deyiladi xabarda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lumotlar markazi talabalar shaharchasining eng gavjum yo‘laklarida – vazirlik binosi yonida joylashgan bo‘lib, u shtab sifatida faoliyat yuritadi.
Shtabda barcha oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan ma’lumotlar markaziga kelib tushgan so‘rovlar va amalga oshirilgan ishlar monitoringi yuritilib, talabalarning turarjoy bilan ta’minlanishi uchun amaliy ko‘mak ko‘rsatiladi.
Eslatib o‘tamiz, bu yil o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentlar soni 948 486 nafarni tashkil etdi. Test sinovlari hududlardagi abituriyentlar soni va imtihonlar o‘tkaziladigan binolarning sig‘imiga qarab 11 kundan 13 kungacha davom etdi.
Endi talabalar yotoqxonaga DXM va my.gov.uz orqali joylashtiriladi