TOShKENT, 18 avg — Sputnik. O‘zbekistonlik hunarmandlar Singapurda o‘tkazilgan yarmarkada o‘z mahsulotlarini namoyish etishdi, deya xabar berdi Turizim qo‘mitasi.
Singapurda Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik turizm tadbirlaridan biri bo‘lgan “ NATAS Holidays 2023” xalqaro sayyohlik yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi maqsadli hamkor sifatida ishtirok etdi.
Delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ vakillari, shuningdek, mamlakatning taniqli hunarmandlari va O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi ijodkorlari o‘rin oldi.
Uch kun davom etgan yarmarka jarayonlarida O‘zbekiston stendida yetakchi hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar taqdim etildi, shuningdek, O‘zbekiston madaniyat namoyandalarining musiqiy chiqishlari ham tashkil etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi “NATAS Holidays 2023” sayyohlik yarmarkasida ishtirok etdi.
© Komitet po turizmu
Yarmarkada O‘zbekistondan tashqari Xitoy, Janubiy Koreya, Tayvan, Gonkong, Maldiv orollari, Makao va boshqa davlatlardan sayyohlik tashkilotlari ishtirok etdi.
“O‘zbekiston stendi singapurliklarning Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya va Janubi-Sharqiy mintaqaning boshqa mamlakatlariga an’anaviy sayohatlaridan farq qiluvchi mutlaqo yangi yo‘nalish sifatida ularda katta qiziqish uyg‘otdi”, deyiladi xabarda.
Aytilishicha, singapurlik sayyohlarning qiziqishi Buyuk Ipak yo‘lining qadim zamonlarda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari orqali o‘tganligi va bu shaharlar o‘z navbatida YuNESKOning Butunjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgani bilan bog‘liq.
O‘zbekiston delegatsiyasi “NATAS Holidays 2023” sayyohlik yarmarkasida ishtirok etdi.
© Komitet po turizmu
Uch kun davomida yarmarkaga 107 mingdan ortiq ishtirokchi tashrif buyurdi va O‘zbekiston tomoni bir qator turizm tashkilotlari bilan manfaatli kelishuvlarga erishdi.