Mirziyoyev tadbirkorlarga alohida murojaat bilan chiqdi

Shavkat Mirziyoyev: “xufiyona iqtisodiyot” ulushini karra-karra qisqartiramiz.
Sputnik
TOShKENT, 18 avg — Sputnik. O‘zbekistonda "xufiyona iqtisodiyot” ulushi qisqartiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davomida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, muloqot davomida prezident tadbirkorlarga alohida murojaat bilan chiqdi.
So‘nggi yetti yildagi soliq islohotlari, tadbirkorlarga berilgan yengillik va imtiyozlar natijasida ularning ixtiyorida 120 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ qoldi. Mana bugun ham juda katta qulayliklar berilmoqda.
Ta’kidlanishicha, xalqda “qars ikki qo‘ldan chiqadi”, degan gap bor. Hozirgi kunda mamlakatda “xufiyona iqtisodiyot”ning ulushi 40 foiz atrofida.
"Biz to‘g‘ri ishlayotgan, ish o‘rni yaratayotgan, ilg‘or texnologiyalar joriy qilib, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirayotgan, eksportini oshirayotgan biznes vakillari uchun barcha sharoitlarni qilib berishga tayyormiz. Lekin soliqlardan qochib, o‘zining majburiyatlarini bajarmasdan kelayotgan qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarga biz albatta murosasiz bo‘lamiz. Shu bois tadbirkorlarimiz o‘zlari ham bosh bo‘lib, bunday “nopok” ishbilarmonlar saflarida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasa, o‘ylaymanki, “xufiyona iqtisodiyot” ulushini karra-karra qisqartiramiz”, - dedi davlat rahbari.
Kelgusi yillar uchun belgilab olgan reja va dasturlarimizni amalga oshirish oson bo‘lmasligi, lekin hayot sinovlarida toblangan, so‘zida ham, ishida ham qat’iy, mard va tashabbuskor tadbirkorlarimiz bor ekan, ko‘zlangan marralarga albatta erishilishiga ishonch bildirildi.
Ayni paytda davlat rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ularning fikr va takliflarini tinglamoqda.