TOShKENT, 18 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni barpo etish masalalari bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yencha boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuv boshida Miroslav Yencha Shavkat Mirziyoyevga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi va BMT bundan buyon ham Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha ortga qaytmas islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi qayd etildi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va bu jarayonda BMTning mintaqaviy markazi rolini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Undan tashqari, uzoq muddatli Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarish borasida BMT institut va markazlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Guterrishning tinchlik masalalari bo‘yicha yordamchisini qabul qildi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Ma’lumot uchun, keyingi yillarda O‘zbekiston va BMT bilan hamkorligi yuksak darajaga chiqdi. Birgalikda qariyb 140 ta dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh assambleyasining 6 ta rezolyutsiyani qabul qildi.
O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha kengash, Iqtisodiy va ijtimoiy kengash komissiyasi, YuNESKOning madaniy meros bo‘yicha qo‘mitasi va ko‘plab boshqa tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda.
Shuningdek 2023-yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistonda BMT Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha FAO konferensiyasi hamda Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) bosh assambleyasining 25-yubiley sessiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.