TOShKENT, 17 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Sardor Umurzakov prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi xabar qildi.
Shu munosabat bilan Umurzakov Prezident administratsiyasi rahbari lavozimidan ozod etildi.
Sardor Umurzakov 2022-yil iyulidan buyon Prezident administratsiyasi rahbari sifatida ishlab kelayotgan edi.
Umurzakov 1977-yil 23-noyabrda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (bakalavr) va Reding universitetini (Buyuk Britaniya, magistratura) tamomlagan. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega.
2000-2003 yillar davomida Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tizimida (avvaliga bosh ofisda, so‘ng Samarqanddagi bo‘linmada) ishlagan. 2003-yilning noyabrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida (London shahri) faoliyat boshlagan.
2007 yilda vatanga qaytgan Umrzoqov Moliya vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘i o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari, Toshkent shahar G‘aznachiligi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
2014-2017 yillarda “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi boshqaruvi raisining maslahatchisi, 2017-2018 yillarda rais o‘rinbosari bo‘lgan. Uyushma qayta tashkil etilib, “O‘zcharmsanoat”ga aylantirilgach, 2018-2019 yillarda unga raislik qilgan.
2019 yil 28-yanvarda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri etib tayinlangan, 2020-yil 10-martda esa bosh vazir o‘rinbosari darajasiga ko‘tarilgan.