TOShKENT, 16 avg — Sputnik. Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Oripov boshchiligidagi delegatsiyaning Xeylunszan provinsiyasi (Xitoy) gubernatori o‘rinbosari Yuy Szan bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Unga ko‘ra, endilikda O‘zbekiston-Xitoy mamlakatlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, konchilik, chorvachilik, sanoat, turizm hamda ikki tomonlama savdo yo‘nalishlarida hamkorlik rivojlantiriladi.
Shuningdek, hududlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish, birgalikda sarmoyaviy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ma’lumot uchun, Xeylunszan provinsiyasi maydoni 454,8 ming kvadrat kilometr, aholisi 30,9 mln kishini tashkil etadi. Yalpi milliy mahsulot 224 mlrd dollarga teng. Joriy yilning birinchi yarmida tashqi savdo aylanmasi 20,8 mlrd dollarga yetgan. Provinsiya rivojlangan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatiga ega bo‘lib, hududda Xitoydagi eng yirik guruch, soya hamda makkajo‘xori plantatsiyalari joylashgan.