Navoiyda cho‘l burgutini qafasda saqlagan huquqbuzar jarimaga tortildi

Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan 3 mln 300 ming so‘m jarima belgilandi.
Sputnik
TOShKENT, 16 avg — Sputnik. Navoiy viloyatida cho‘l burgutini qafasda saqlab kelayotgan huquqbuzar jarimaga tortildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Aytilishicha, Konimex tumani Ekologiya bo‘limiga tumanning To‘qmang‘it qishlog‘ida cho‘l burguti saqlanayotgani haqida murojaat kelib tushdi.
Navoiyda cho‘l burgutini qafasda saqlagan huquqbuzar jarimaga tortildi.

“Murojaat o‘rganilganida To‘qmang‘it qishlog‘ida yashovchi fuqaro B. B. o‘z xonadonida cho‘l burgutini noqonuniy tarzda qafasda saqlab kelayotganligi aniqlandi”, - deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan MJtKning 90-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 3 mln 300 ming so‘m jarima belgilandi.
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlar qamoq jazosi yoki jarimaga tortiladi. O‘zbekistonning ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga ko‘ra, hayvonlarni qiynoqqa solish yoki azob berish 990 mingdan 1 mln 650 ming so‘mgacha jarimaga sabab bo‘ladi.