TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Qirg‘izistonda bolalar o‘rtasida noan’anaviy jinsiy munosabatlarni targ‘ibot qilish taqiqlandi. Mamlakat prezidenti Sadir Japarov tegishli qonunni imzoladi, deya yozadi Sputnik Qirg‘iziston.
Ta’kidlanishicha, qonun bolalar va o‘smirlarning axloqiy, jismoniy, psixologik va ijtimoiy salomatligini ta’minlash, saqlash va mustahkamlash uchun xavfsiz axborot muhitini yaratish maqsadida qabul qilingan
Hujjatga ko‘ra, bolalar salomatligi yoki rivojlanishi uchun zararli axborotlar, xususan, oilaviy va an’anaviy ijtimoiy qadriyatlarni inkor etadigan, noan’anaviy jinsiy aloqalarni targ‘ibot qiladigan va ota-onaga yoki boshqa oila a’zolariga hurmatsizlikni shakllantiradigan ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, bolalar o‘rtasida giyohvandlik, tamaki, alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish maylini uyg‘otuvchi axborot tarqatish taqiqlandi. O‘ziga zarar keltiruvchi, zo‘ravonlik va noqonuniy xulq-atvorni oqlovchi, beadab so‘zlar bo‘lgan axborot va pornografiyani ham tarqatish mumkin emas.
Bolalar sog‘lig‘i yoki rivojlanishiga zarar yetkazadigan axborotni, jumladan, ommaviy axborot vositalari yoki internet orqali tarqatganlik uchun aybdor shaxslar javobgarlikka tortiladi.