TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Hukumat qarori bilan O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.
Chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqarolikni olishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
Ichki ishlar vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda bu imkoniyatni yaratishi kerak.
“Elektron xukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali zarur hujjatlarni mas’ul davlat organlari va tashkilotlardan so‘rab olish hamda davlat tilini bilish to‘g‘risidagi malaka sertifikatini QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlagan holda elektron tarzda berish tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari, talabgorlar hududiy imtihon komissiyasining davlat tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda apellyatsiya shikoyati berishi mumkin.
Apellyatsiya imtihon natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali beriladi.
Bunday holda, imtihon natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun ichida apellyatsiya imtihoni o‘tkaziladi, uning natijasida quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
- apellyatsiya qanoatlantirilishini rad etish;
- sinov imtihoni natijalarini o‘zgartirish va apellyatsiyani qanoatlantirish;
- sinov imtihon natijalarini bekor qilish va takroriy imtihon tayinlash.
Talabgor Apellyatsiya komissiyasining qarori ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.
"O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi qonunning 19 va 20-moddalarida mamlakat fuqaroligiga qabul qilishda chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsdan davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilish talab etilishi belgilab qo‘yilgan.