TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Hindistonning "IndiGo" aviakompaniyasi Dehlidan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda, deya xabar berdi "Uzbekistan airports".
Dehli — Toshkent — Dehli yo‘nalishi bo‘yicha birinchi muntazam yo‘lovchi reysi 6-sentabrga belgilangan.
“Reyslar shinam Airbus A320 va A321 samolyotlarida haftasiga to‘rt marta — dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan”, - deyiladi xabarda.
"IndiGo" — bosh qarorgohi Hindistonning Gurgaon shahrida joylashgan hind xususiy loukoster aviakompaniyasi. Kompaniya muntazam qatnovlar va samolyotlar soni bo‘yicha mamlakatdagi eng yirik aviatashuvchi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston aviakompaniyasi sentabrdan O‘zbekistonga aviaqatnovlar sonini oshirishi xabar qilingan edi.