TOShKENT, 15 avg — Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakat hukumati delegatsiyasini Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qabul qildi. Bu haqda bosh vazir matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida Aripov Qirg‘iziston prezidentiga davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘z navbatida, Qirg‘iziston rahbari mamlakat yetakchisini va butun O‘zbekiston xalqini prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan yana bir bor samimiy tabrikladi.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini taminlash, O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, transport, suv va qishloq xo‘jaligi hamda hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi.
15-16 avgust kunlari Cho‘lponota shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning o‘ninchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakat hukumati delegatsiyasi qo‘shni davlatda bo‘lib turibdi.