Jurnalistlarga zo‘ravonlik qilgan qurilish xodimi ishdan bo‘shatildi — O‘TY

O‘zbekiston Temir yo‘llari jurnalistlarga to‘sqinlik qilgan ko‘prik qurilish kolmpaniyasi ish boshqaruvchisini ishdan bo‘shatdi.
Sputnik
TOShKENT, 14 avg — Sputnik. Jurnalistlarga zo‘ravonlik qilgan qurilish xodimi ishdan bo‘lshatildi, deb xabar qilmoqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati OAV vakillariga zo‘ravonlik ko‘rsatib, ularga qarshi kuch ishlatgan xodim - "Ko‘prikqurilish" tresti unitar korxonasi 67-Ko‘prikqurilish otradi ish boshqaruvchisi T.Eshniyazovning ishini keskin qoralaydi.

"Mazkur holat yuzasidan zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, bugunning o‘zida T.Eshniyazovning Mehnat kodeksining tegishli bandlariga asosan ishdan bo‘shatilganligini ma’lum qilamiz", - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda "Ko‘prikqurilish" tresti UK tomonidan amalga oshirilayotgan Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgich qurilishi obyektida "Zo‘rTV" telekanali muxbiri va tasvirchisi haqoratlangani va ularga kuch ishlatilgani aks etgan video tarqalgan edi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) jurnalistlar kamerasi sindirilishi va kaltaklanishi yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan edi.