TOShKENT, 10 avg — Sputnik. Xitoyda birinchi sun’iy go‘sht zavodi ishga tushirildi. Bu haqda RIA Novosti "South China Morning Post" nashriga tayanib xabar berdi.
Shanxayning "CellX" kompaniyasi birinchi madaniy go‘sht zavodini ishga tushirdi.
“Ushbu tajriba ishlab chiqarishdan olingan saboqlar biz 2025-yilgacha yakunlashni rejalashtirgan va yiliga yuzlab tonna mahsulot ishlab chiqarishga qodir bo‘lgan tijorat ishlab chiqarish obyektimiz uchun ishlatiladi”, - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, korxonada ikki ming litr hajmli bioreaktor mavjud. Vaqt o‘tishi bilan jihozlar soni ko‘payadi, mahsulot tannarxi esa yuqori sifatni saqlab qolgan holda kilogrammi yuz dollardan ham kamayib boradi.
Kompaniya bosh direktori aytishicha, bu yil oxirida "CellX" sun’iy go‘shtni sotishga ruxsat olish uchun AQSh va Singapurga murojaat qiladi.
Bugungi kunga kelib, laboratoriyada yetishtirilgan mahsulotlarni sotish faqat ushbu mamlakatlarda tasdiqlangan. Xitoy kompaniyasi 2025-yilgacha xalqaro bozorga chiqishni rejalashtirmoqda.
"SCMP ma’lumotlariga ko‘ra, zavodning sinov versiyasini yaratish Xitoy uchun yutuqdir. Mamlakat oldida 1,4 milliard odamning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun hayvon oqsili manbasini topish muammosi turibdi", - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, foydali xususiyatlari bo‘yicha sun’iy go‘shtni tabiiy mahsulot bilan solishtirish mumkin, ammo uning tarkibida antibiotiklar bo‘lmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda Singapur dunyoda ilk bor laboratoriyada yetishtirilgan tovuq go‘shti ozuqa mahsuloti sertifikatini qo‘lga kiritgandi. Laboratoriyalarda tirik hujayralardan sun’iy go‘shni yetishtirishdan maqsad jonivorlarni o‘ldirmasdan turib, go‘sht ishlab-chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Rossiyalik olimlar esa 2019-yilda laboratoriya sharoitida sun’iy go‘sht yaratgan. Tadqiqot ishlari 2-yil mobaynida olib borilgan. Sun’iy go‘shtning ilk 40 grammini yetishtirish uchun 900 ming rubl (14 ming dollar) sarflangan.